muslim.uz

muslim.uz

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzurida faoliyat olib boruvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman/shahar bosh imom-xatiblari uchun “Islomshunoslik” yoʻnalishida malaka oshirish oʻquvlari davom etmoqda.

Bugun Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi, PhD Ahmad Saad Damanhuriy tomonidan “Aqidaparast kontentlarga ilmiy asosda raddiya berish uslublari: xalqaro tajriba” mavzusida mahorat darsi oʻtkazildi.

Mashgʻulot davomida Ahli sunnadagi aqidaviy taʼlimotlar, Moturidiylik taʼlimotining tarixiy va zamonaviy ahamiyati, adashgan oqimlarning daʼvolariga raddiya berishda Ahli sunna ulamolarining uslublari haqida qimmatli maʼlumotlar keltirib oʻtildi. Mashgʻulot soʻnggida tinglovchilarni qiziqtirgan savollarga ilmiy asosda yetarli va batafsil javoblar berildi.

Malaka oshirish oʻquvlari davom etmoqda.

vendredi, 17 mai 2024 00:00

Ijtihod ahli- Mujtahid ulamolar

Shar’iy ilmsiz tortishish Allohning g‘azabiga va iymonsizlikka olib boradi.

Ba’zida dinimizda shunday aqidaviy va fihqiy masalalar borki unga yetarlicha ilm bo‘lmasa tеk turish va uni biluvchi olim kishidan so‘rash lozim. Bu masalada to‘xtab turib, shakka tushish mumkin emas.

Bugungi bizning  eng  katta xatolarimizdan biri ham shudir.Turli davralarda o‘tirvolib na bir ilm o‘qigan, yoki bir madrasada shar’iy bilimni to‘liq egallamay turib aqidaviy hamda fiqhiy masalalarda tortishish eng katta xatardir. Mana shunday ilmsiz bahs-munozaralardan biri ham Ijtihod masalasidir.Ijtihod masalasi bugun dolzarb mavzuga aylandi. Ijtihod va uning shart-sharoitlarini bilmaslik yoki mensimaslik holatlari ko‘zga tashlanmoqda. Afsuski, tarjima qilingan ba’zi diniy kitoblarni o‘zlaricha o‘qib olishib, «Mana endi biz ham mujtahid bo‘ldik», deya turli masalalar xususida fatvo berish hollari uchramoqda.

«Ijtihod» so‘zi nima degani? «Ijtihod» «jahd» yoki «juhd» so‘zlaridan olingan bo‘lib, qaysi ishda bo‘lmasin, bor kuch-quvvatni sarflash ma’nosini bildiradi. Istilohda esa, dinimiz hukmlarini bilishga bor ilmiy kuch va salohiyatni sarflash ijtihoddir. Ammo bu ta’rifdan istagan kishi o‘zidagi bor ilmiy kuch-quvvatni sarflab, mujtahid (ijtihod qiluvchi) bo‘lishi mumkin, degan xulosa chiqib kelmasligi uchun ayrim ulamolar «shar’iy hukmlarni bilishga faqihning bor kuchini sarflashi», deb ta’rifga «faqih» so‘zini qo‘shimcha qilishgan.

“Faqih”dan murod mujtahiddir.

Fosiq kishi mujtahid bo‘la olmaydi. Agar fosiq kimsa ahkomlarni va hukm yo‘llarini bilsa ham, fosiqligi tufayli uning so‘zi e’tiborga olinmaydi.Alloma Zafar Ahmad Usmoniy rahmatullohi alayh “E’lous-sunan” kitobida bunday degan: “To‘rt mazhab imomlari haqiqatan to‘g‘ri yo‘ldadir. Bir yurtda ulardan qaysi birining mazhabi tarqalgan bo‘lsa, uning ulamolari va kitoblari ko‘p bo‘lsa, ijtihod darajasiga yetmagan kishi (oyat va hadislardan o‘zi mustaqil hukm chiqarishga qodir bo‘lmagan muqallid kishi) uchun o‘sha mazhabga ergashish vojib.

O‘z yurtida keng tarqalmagan va ulamolari ko‘p bo‘lmagan mazhabga ergashish joiz emas. Chunki bunday holatda mazkur mazhabning barcha hukmlarini o‘rganish imkoni bo‘lmaydi. Buni yaxshi biling. Inshaalloh, haqiqat bundan boshqada emas”

Mujtahiddan quyidagilarni mukammal bilish talab etiladi:

  • 1.Qur’oni karimni bilish.

Mujtahid Alloh taoloning Kitobini yaxshi bilishi shart. Zero, Qur’oni karim birinchi shar’iy manba bo‘lib, mujtahidning unga suyanishi vojibdir. Qur’oni karimni bilish uning ma’nolarini qisqacha tushunish emas. Mujtahid Qur’oni karimga doir barcha ilmlarni chuqur bilishi va bu sohada mohir bo‘lishi kerak. Ammo Qur’oni karimni to‘la yod bilishi shart bo‘lmaydi. Mujtahid Qur’oni karim oyatlaridan hukm chiqarishda zarur oyatlarni topish va ularga murojaat qilish yo‘llarini yaxshi bilishi kerak.

Qur’oni karimni bilishda vojib bo‘lgan ilmlar quyidagilardir:

—    Nosih va mansux haqidagi ilm, mujtahid mansux oyatlardan hukm chiqarmasligi, balki nosih oyatlardan hukm chiqarishi kerak;

—    Mutloq va muqayyad oyatlar haqidagi ilm;

— oyatlarning tushish sabablariga doir ilm.

  • 2.Sunnat ilmini bilishi.

Mujtahid payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) sunnatlarini yaxshi bilishi vojib. Zero, sunnat Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi manbadir. Sunnat ilmi Qur’oni karimda kelgan hukmlarni oydinlashtiradi va batafsil bayon qilib beradi. Sunnat ilmidan xabarsiz kishi hech qachon mujtahid bo‘la olmaydi.

«Ijtihod qilaman degan kishiga Abu Dovudning «Sunan»i yoki Imom Buxoriy va Imom Muslimning «Sahih»lari yoxud olti sahih kitobning o‘zi kifoya qilmaydi, — deydi doktor Muhammad Hasan Hitu. — To‘g‘ri, bu kitoblarda ko‘plab hukm hadislari jamlangan bo‘lsa-da, ular barcha ahkom hadislarni qamrab olmagan. Ba’zi hukmlarga doir hadislar mazkur kitoblarga kirmay qolgan».

Mujtahid Payg‘ambarimiz (alayhissalom) sunnatlarini o‘rganib, quyidagilarni bilishi lozim:

—    «sahih», «hasan» va «zaif» hadislarni bilishi;

— hadis roviylarining tarixini bilishi. Bu narsa «sahih» hadislarni «zaif» hadislardan ajratish, maqbul hadislarni rad etilganlaridan farqlashda zarur bo‘ladi;

– nosih va mansux hadislarni bilishi. Agar bularni bilmasa, noto‘g‘ri hukm chiqarishi mumkin.

  • 3.Mujtahid ijmo‘ o‘rinlarini bilishda mutaxassis bo‘lishi kerak.

– Mujtahid bo‘lishga intilgan shaxs ulamolar ijmo‘i, ya’ni yakdilligi o‘rinlarini bilishi, ularga xilof ish tutmasligi zarur.

Mujtahid arab tili qoidalarini, ma’oniy va bayon ilmlarini bilishi kerak. Chunki Qur’oni karim va hadislar arab tilidadir. Mazkurlar arab tili qoidalari, ya’ni, sarf va nahv, balog‘at yo‘llari bilan fahmlanadi va bilinadi. Usulul fiqh olimi, doktor Muhammad Hasan Hitu bunday deydi: «Kim arab tilini bilmasa, u tuya ignaning teshigidan o‘tganida ham, ya’ni, hech qachon) mujtahid bo‘la olmaydi».

Ayrim olimlar mujtahid shariat maqsadlarini mukammal bilishini ham ijtihod shartlari sirasiga kiritishgan. Chunki Qur’oni karim va sunnatni yaxshi tushunish va ularni  voqelikka tatbiq etish shariat maqsadlarini bilishga bog‘liqdir. Shunday ekan, kim bir hukmdan shar’iy dalil chiqarmoqchi bo‘lsa, shariat sirlari va uning umumiy maqsadlarini bilishi vojibdir.Alloh taolo kimga mujtahid sifatlarini ato etgan bo‘lsa, unga ehtirom va ishonch bilan qaraymiz. Ammo kimning ilmi-zakovati mujtahidlik darajasiga yetmasa, u ijtihodni o‘z egalariga topshirib, ixtilofdan o‘zini saqlasin. O‘tmish ulamolaridan Kalsum ibn Amr Itobiy bunday degan ekan: «Agar johil odam o‘zi bilmagan narsani so‘zlashdan tiyilsa, ixtiloflar ko‘paymagan bo‘lur edi».

Toshkent islom instituti talabasi

Sodiqov Nodirbek

Кеча, 15 май чоршанба куни Ўзбекистон мусулмонлари идорасининг Наманган вилоят вакили, вилоят бош имом-хатиби Мусохон домла Аббасиддинов   ҳудудларидан келган фуқароларни қабул қилиб, уларнинг мурожаатларини ижобий ҳал этиш чораларини кўрдилар.

Қабул жараёнида фуқароларнинг масжидлар ҳолати, имом-хатиблар фаолияти, оилавий масалалар, савдо-олди сотди каби масалалар юзасидан мурожаатлари кўриб чиқилди.

Оилавий муносабатларда келганларга муаммолар ечими бўйича маслаҳатлар, шаръий масалалар ечими юзасидан эса тавсиялар берилди.

Дарҳақиқат, бировнинг дардини енгиллатиш,  ташвишни осон бартараф этилишига ҳисса қўшиш – савоби улуғ амалдир!
Зеро, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам: "... Ким биродарининг ҳожатини раво қилса, Аллоҳ унинг ҳожатини раво қилади. Ким бир мусулмоннинг ташвишни аритса, Аллоҳ унинг Қиёмат кунидаги ташвишларидан бирини аритади", деганлар (Имом Бухорий ривояти).

Ана шу набавий таълимотга мувофиқ, мутасаддилар билан бирга турли масалалар билан мурожаат қилган фуқароларнинг ташвишлари аришига кўмаклашилди. Илиқ кутиб олинган фуқаролар мутасаддилардан мамнун бўлиб, мурожаатлари ижобий ечим топганидан мамнун бўлдилар.

Қабул жараёнлари ҳудудлардаги барча жоме масжидларида ҳам ҳафтанинг ҳар чоршанба куни имом-домлалар томонидан амалга оширилмоқда.

 

Ўзбекистон мусулмонлари идораси Наманган вилояти вакиллиги Матбуот хизмати

Ўзбекистон мусулмонлари идораси

Наманган вилояти вакиллиги Матбуот хизмати

Ўзбекистон мусулмонлари идораси раиси, муфтий Шайх Нуриддин Холиқназар ҳазратларининг аҳоли билан самимий мулоқоти кўплаб муаммоларни ҳал этишда муҳим омил бўлмоқда.

Бугун, 15 май куни Шайх Нуриддин Холиқназар ҳазратлари Диний идорада фуқароларни қабул қилиб, мурожаат, арз ва таклифларини эшитдилар. Қабул чоғида улар томонидан кўтарилган масжидлар ҳолати, имом-хатиб фаолияти, оилавий масалалар, ҳаж, диний таълим ҳамда моддий ёрдам олиш сингари масалаларнинг аксарияти ижобий ҳал этилди.

Жумладан, оилавий муносабатларда келганларга муаммолар ечими бўйича маслаҳатлар, шаръий масалалар ечими юзасидан тавсиялар ва моддий ёрдам сўраганларга белгиланган тартибда кўмак берилди. Масжид ва имомлар фаолиятига оид мурожаатлар кўриб чиқиш учун идора бўлимларига тегишли вазифалар юкланди.

Мана шундай самимий қабул ва ғамхўрликдан мамнун бўлган фуқаролар Ўзбекистон мусулмонлари идораси раҳбарияти томонидан кўрсатилган эътибордан кўнгиллари шод бўлишиб, хайрли дуолар қилишди.

Бу каби қабул жараёнлари Ўзбекистон мусулмонлари идорасининг ҳудудлардаги вакилликлари ва барча жоме масжидларида ҳам ҳафтанинг ҳар чоршанба куни имом-домлалар томонидан амалга оширилмоқда.

Ўзбекистон мусулмонлари идораси
Матбуот хизмати

Page 38 sur 1687

Ушу бўлимдаги асосий материаллар Жалолиддин Нуриддиновнинг "Ҳаж ва умра қўлланмаси"дан олинди

Top