Мақолалар

Афв эзгу мақсадларга йўллади

Istiqlolimizning 29 yilligi arafasida Prezidentimizning “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi. Ne baxtki, afv etilganlar orasida men ham bor edim.

2016 yili, 20 yoshimda Toshkent viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 159-moddasi 1-qismi va 2441-moddasi 2-qismi tegishli bandlari bilan 7 yilga ozodlikdan mahrum etildim. Zangiota tumanida tug‘ilganman. Hozir 24 yoshga to‘ldim. Jazo muddatini Bo‘ka tumanidagi jazoni ijro etish koloniyasida o‘tadim. Mahbuslikda o‘tgan to‘rt yil umrim qilgan xatolarim yuzasidan to‘g‘ri xulosa chiqarishim uchun yetarli bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining g‘amxo‘rligi bilan ayni paytda ozodlik ne’matidan bahra olyapman.

Shu o‘rinda aytishni istar edimki, biz shunchaki kechirilib, shunchaki ozodlikka chiqarilmadik. Yaqinlarimiz bag‘riga qaytishimiz, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishmiz, sog‘lom turmush tarziga erishishimiz, jamiyatda munosib o‘rin topishimiz yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berilgan ekan. Buni afv etilib, uyga kelganimda tuman sektor rahbarlari tomonidan elektr pechi, salmoqligina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari berilgani, tuman ijtimoiy moslashuv markazi tomonidan bir million bir yuz o‘ttiz besh ming so‘m moddiy yordam ajratilganidan ham bilish mumkin.

Tuman tibbiyot birlashmasida tibbiy ko‘rikdan o‘tdim. Xudoga shukr, sog‘lom ekanman. Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi yordami bilan Zangiota tumanidagi “Iqbol” mahallasida faoliyat yuritayotgan “Obodon mebellari” xususiy korxonasiga ishga joylashdim. Maoshim yetarli. Bundan tashqari, tuman hokimi qarori bilan Bo‘zsuvdagi “Achchisoy” mahallasi hududidan dehqonchilik bilan shug‘ullanishim uchun 20 sotix yer ham ajratildi. Buni eshitib, ellik yoshni qoralab qolsa ham uydan olisda ishlab yurgan otam yaqin kunlarda qaytib kelishini aytdi. O‘zimiz yashayotgan xonadonning yer maydoni 13 sotix edi. 3 sotixida issiqxona tashkil qilgandik. Uning ustini yopishda ham hokimlikning mas’ul xodimlari amaliy yordam ko‘rsatishdi. 2019 yil aprel-may oylarida uyimizga kelgan ishchi guruh a’zolari yaqinlarim bilan suhbat o‘tkazib, turli ijtimoiy ko‘mak beribdi. Pandemiya davrida esa “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida jami 4 million so‘m mablag‘, homiylik asosida 6 marta oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashdi.

Prezidentimiz biz, yoshlarga ishonib, kelajakda to‘g‘ri yo‘lni tanlab, yurtimizga munosib farzand bo‘lishimiz uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berayotgan bir paytda egri yo‘lga kirib qilgan ishlarimga chin dildan pushaymon bo‘lganim uchun, afv etildim, menga ishonch bildirildi. Mahallam, oilam meni iliq qarshi olganining o‘zi katta baxt. Bunga javoban o‘tmish hayotim nihoyasiga yetgani, musibatlar ko‘zimni ochib, qalbimni uyg‘otgani, afv esa noumidlikdan qaytarganini aytmoqchiman. Aslida yurtga naf keltirishdek baxt yo‘q ekan dunyoda. Shu ma’noda, mening xatom nafaqat bir oila, balki butun jamiyat boshiga tushgan kulfat ekanini his qildim.

Barcha salbiy oqibatlar bekorchilikdan, maqsadsiz yashashdan kelib chiqar ekan. Aniq maqsadsiz odam hech narsaga intilmaydi, mas’uliyatni his qilmaydi. Uning o‘ziga ishonchi ham, g‘ayrat-shijoati ham bo‘lmaydi. Shunday ekan, aslo bekorchilikka berilmaslik, hayotning har bir daqiqasidan unumli foydalanish, erkinlikning qadriga yetish darkor. Zero, bunday afv hammaga ham berilavermaydi. Menga sobiq mahkum emas, inson, jamiyatning to‘laqonli bir a’zosi sifatida ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborga javoban endi hech qachon oilam, yurtim sha’niga dog‘ tushirmaslikka ahd qildim. O‘ylaymanki, men qatori afv etilganlarning ko‘nglida ham shu niyat, shunday ezgu maqsadlar makon topgan bo‘lsa kerak. Allohdan barchamizning yuzimizni yorug‘ qilishini so‘rayman.

 

Farruh PO‘LATOV,

Zangiota tumani.

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi

Read 1872 times

Мақолалар

Top