Мақолалар

Dunyodan zohid olim - Muhammad Zohid Kavsariy

Muhammad Zohid Kavsariy 1879 yil 16 sentyabrda Turkiyaning Duzja viloyati Hojihasan qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning kelib chiqishi cherkes oilasiga mansub bo‘lgan. Otasi Hasan Hilmiy afandi 1831-yil Kavkazning Shabzarida tug‘ilgan bo‘lib, mudarris sifatida faoliyat ko‘rsatgan. U 1863-yilda Kavkazning Chor imperiyasi tomonidan bosib olinishi natijasida oilasi va talabalari bilan birgalikda Duzja viloyatiga ko‘chib o‘tib, u yerda o‘z nomiga qo‘yilgan Hojihasan qishlog‘iga joylashgan. U yerda naqshbandiya tariqati xalifalaridan shayx Davlatga qo‘l berib, o‘zi ham 1865-yilda xalifalik rutbasiga erishgan. 1867-yildan Hojihasan qishlog‘idagi madrasada ish faoliyatini boshlagan. 1870-yilda Istanbul shahriga borib, u yerda Ahmad Ziyovuddin Kumushxonaviyning darslarida qatnashib, undan “Daloil al-xayrot” asari bo‘yicha ijoza olgan. Keyingi yil esa Hijozga borib, u yerda naqshiy shayxlaridan Muso Makkiy bilan uchrashib, undan xilofat ijozasini olgan. Duzjaga qaytib kelgach, Hasan Hilmiy afandi madrasada talabalarga dars berish bilan shug‘ullanib, 1926-yilda, qariyb yuz yoshda vafot etgan.

Zohid Kavsariy dastlabki ilmni otasidan olgan. So‘ngra Duzjadagi Rushdiya maktabida muftiy Husayn Vajih afandi qo‘lida davom ettirgan. 1893-yil Istanbulga borib, u yerda Qoziaskar Hasan afandi Dorul hadis madrasasida ta’lim olgan. U madrasa hamda Fotih masjidida tashkil etilgan ko‘plab ilmiy majlislarda ishtirok etgan. Kavsariyning ta’kidlashicha, uning ilmiy qarashlarining shakllanishida Ali Zaynulobidin afandi va Ibrohim Haqqi afandilarning ta’siri katta bo‘lgan. U Istanbulda o‘n yil ta’lim olib, 1904-yil madrasani tamomlagan, 1906-yil esa darsiom unvoniga erishgan.

Zohid Kavsariy Fotih masjidida mudarrislik faoliyati davomida madrasalarni isloh qilish uchun tuzilgan komissiya tarkibiga kiritilgan. U Kastamonu shahrida ochilgan yangi madrasada ham uch yil xizmat qilgan. Kavsariy birinchi jahon urushidan keyin Sulaymoniyada madrasatul mutaxassisin mudarrisligiga tayinlangan.

1919-yil shayxulislom vakilligi maqomi bo‘lgan dars vakolati lavozimiga tayinlangan, biroq bir muddat o‘tib ushbu vazifadan ozod etilgan.

Zohid Kavsariy hayoti davomida Ittihod va Taraqqiy jamiyatiga mansub davlat, siyosat va fikr odamlariga muxolif bo‘lib yashagan. U 1922-yilda o‘zini ozodlikdan mahrum etish haqida qaror chiqarilganini eshitgach, Misrga yo‘l oldi. Avval Iskandariyaga, so‘ngra Qohiraga o‘tdi. Iskandariyadan Bayrutga, u yerdan Shomga bordi. Shomda Dorul kutub az-Zohiriya kutubxonasida qo‘lyozma asarlar ustida tadqiqotlar olib bordi.

1926-yil Qohiraga qaytib, al-Azharda tahsil oladigan turk talabalari yashaydigan Taqiyyat al-Atrok Abu az-Zahab nomli takkada istiqomat qila boshladi.

1928-yil ilmiy talabida ikkinchi bor Shomga safar qilgan bo‘lsa-da, u yerda o‘ziga munosib davra topa olmay, keyingi yil yana Qohiraga qaytdi. Qohirada Dijviy, Muhammad ibn Ja’far Kattoniy va Ahmad Rafi’ Tahtoviy kabi olimlardan islom ilmlari bo‘yicha ijoza oldi. Biror daromad manbai bo‘lmagani sababli moddiy qiyinchiliklarga duch kelishiga qaramay, taklif etilgan yordamlarni qabul qilmagan. Turkcha hujjatlarni arab tiliga tarjima qilish maqsadida Dor al-muhofazat al-Misriya idorasi tomonidan o‘tkazilgan imtihondan muvaffaqiyatli o‘tib, maosh olib ishlay boshladi. Bu orada oilasini Istanbuldan olib keltirdi. U Istanbulda ekan vaqtida o‘g‘li va bir qizi vafot etgan bo‘lib, Qohiraga ayoli va ikki qizi keldi. Qizlaridan Saniha 1934-yilda, Maliha esa 1947-yilda Qohirada vafot etdi.

Kavsariy Qohirada yashagan vaqtida bir tomondan o‘z uyini madrasaga aylantirib, talaba yetishtirgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan ko‘plab islom ilmlariga oid asarlarning ilmiy nashrini amalga oshirish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Asosan Misr, Yaman, Hindiston, Pokiston, Indoneziya, Malayziya, Suriya, Iroq va Turkiya mamlakatlaridan kelgan talabalarga ijoza berdi. Abdulhamid Kutubiy Misriy, Ahmad Avang Husayn, Alasoniyalik Jamol O‘gut, Abdulfattoh Abu G‘udda, Ahmad Hayri Posho, Muhammad Rashod Abdulmuttalib, Abul Fazl ibn Siddiq, Ali Ulviy Kuruju, Mehmed Ehson Afandi, Mustafo Runyun va Muhammad Husayn uning shogirdlaridan hisoblanadilar.

Shu orada Misrdagi reformistik harakatlarga qarshi kayfiyatda bo‘lgani sababli uni mamlakatdan chiqarib yuborishga urinishlar kuzatilgan bo‘lsa-da, shayx Abdulmajid Sinduniy va bir muddat vaqf ishlari vaziri bo‘lgan al-Azhar shayxi Mustafo Abdurazzoqning aralashuvi bilan bundan qutulib qoldi. Ilmiy faoliyati va nashrlari bilan e’tibor qozongan Kavsariy Misrdagi ilm ahli orasida alohida mavqega ega bo‘ldi.

Al-Azharda o‘qigan shogirdlari vositasida Hindiston va Pokistondagi olimlar bilan aloqa o‘rnatib, keng ilmiy doira yaratdi.

1950-yil Demokratik partiyaning hokimiyat tepasiga kelishi bilan Turkiyaga qaytishni umid qilgan bo‘lsa-da, turli xastaliklar bilan ovora bo‘lib qoldi va 1952-yil 11-avgustda vatan hasratida Qohirada olamdan o‘tdi. Ortidan ayoli ham dardga chalinib, Turkiyaga qaytdi va besh yildan so‘ng u ham vafot etdi.

 

Toshkent Islom instituti talabasi

Kuldashev Bobomurot

Read 683 times

Мақолалар

Top