ЖАҲОЛАТГА ҚАРШИ МАЪРИФAТ

Tinchlik va barqarorlik – oliy qadriyat

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Ma’lumki, insoniyat hayoti davomida turli mafkura va maslaklar o‘rtasidagi ziddiyat va qarama-qarshiliklarni boshidan kechirgan. Buning oqibatida o‘zaro kelishmovchilik, notinchliklar yuzaga kelgan. Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanini ta’kidlab bunday deganlar: 

“Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir. Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikni qadriga yetib, shukrini ado etishlari balki, unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishlari lozim.

Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi. Odamlarning o‘zaro bir-birlariga bo‘lgan ishonch va sadoqatlari, mehr va muruvvatlarining samimiy bo‘lishi ham asosan xotirjamlikka bog‘liqdir.

Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Parvardigor Qur’oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ‘ib qilishini, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslik lozimligini ta’kidlab, bunday deydi:

“Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” (Baqara surasi, 208-oyat). Darhaqiqat, tinchlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lganligi bois ham Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.

Tinchlik va xotirjamlik – insoniyat bugun boshidan murakkab ziddiyatlarni kechirayotgan bir paytda suv va havodek zarurdir. Uning qadriga yetib, farzandlarimizni ham Yaratgan bergan bu tingsiz ne’matlarni qadrlamoqlari va asrab avaylamoq insoniyatning zimmamizdagi burchi ekanligini tushuntirmoqligimiz kerak. Bu barcha payg‘ambarlar qatorida bizning ham Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning sunnati ekanini yuqoridagi hadisdan bilib oldik.

Islom tarixini o‘qir ekanmiz, unda insonni kimligi, nima uchun yaratilgani, insonning zimmasiga nima vazifalar qilmoqligi yuklatilgani, hayotda qanday inson bo‘lib yashashi kerakligi haqida berilgan tavsiyalar va ko‘rsatmalar bilan yaqindan tanishib chiqadi. Bu berilgan ne’matlarni qadriga yetishda va uni asrashda, bizga Payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim (a.v.) bu borada bashariyatga o‘rnak bo‘lganlar. Muqaddas dinimizning mo‘tabar manbasi Qur’oni karimda Ibrohim (a.s.)ning Vatanlari bo‘lgan Makka haqiga qilgan duolarida biz o‘rganayotgan mavzumizning aynan tasdig‘idir.

Shuningdek, Makka shahriga tinchlik va uning ahliga rizq so‘raganliklari so‘zimizning yorqin misolidir. Bu haqida bunday deyilgan:

 “Eslang: Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” (Baqara surasi, 126-oyat).

Bu joyda Alloh taolo Payhg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga o‘tgan ummatlarning payg‘ambarlarini hayotidan xabardor qilib, ummatlarini o‘unga targ‘ib qilib, ulug‘ ne’matlar “tinchlik” va “xotirjam”likni qadrlab, asrab avaylab hayot kechirishga undalmoqda. O‘sha vaqtdagi tarixga nazar tashlasangiz, Makka tinch shaharlardan bo‘lgan.

Shunday bo‘lsada, bu tinchlikni doimo so‘rab duo qilish muhim ekaniga dalolatdir. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bilan sahobalar bir kuni suhbatlashib o‘tirganlarida, sahobalardan birlari Yo Rasululloh (s.a.v.) biz Alloh taolodan duo qiilb so‘raganimizda ko‘proq nimani so‘raylik deb savol qilishganda, janobimiz, habibimiz Payg‘ambar (a.s.): “Alloh taolodan ofiyat (tinchlik, xotirjamlik)ni so‘ranglar” deb aytgan so‘zlari ham, insoniyat uchun bu ne’matlar nechog‘liq muhim ekaniga dalolat qiladi. Tinch bo‘lib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, tinchlikni davomiy bo‘lishi uchundir. Bu xususida Qur’oni karimda bunday deyilgan:

“Yana Robbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukurlik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” deb marhamat qilgan (Ibrohim surasi, 8-oyat).

Mazkur oyati karimani tinchlik va xotirjamlik uchun nima dahli bor deb fikr qiladigan insonlarga dinimiz chiroyli javob bergan. Ya’ni biz yuqorida tinchlik ham ne’matlarning eng ulug‘i ekani haqida Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)dan hadisni eslab o‘tdik. Mazkur hadisga muvofiq bu buyuk ikki ne’at bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etilar ekan.

Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimi va davrimizning eng dolzarb sharafli vazifalaridan hisoblanadi. Inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi, Yaratganing, Vatanining, jamiyati va oilasi oldidagi sharafli burchidir.

Bugun dunyoda tinchligini va xotirjamligini yo‘qotgan mamlakat va u Yurtlarda istiqomat qilayotgan insonlar hayotlari, ta’bir joiz bo‘lsa nurafshon nurni yo‘qotgan, zimiston ichida qolgan insonlarga o‘xshadi. Bu holatni ko‘rgan, eshitgan insonda bir alamlik dard paydo bo‘ldai. Bu holatlardan ko‘rib, eshitib turgan insonlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlashlari, asrab-avaylashlari lozim bo‘ladi.

Shuning uchun ham biz yurtimizdagi tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makr va puch g‘oyalariga uchmasdan, aldanmasdan, yosh avlodlarimizni ham ulardan xabardor qilib, islom madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etishni dolzarb vazifa sifatida bilib, ular asosida faoliyat olib bormoq lozim bo‘ladi. Shuningdek, muqaddas dinimizni niqob qilib, o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga erishishga urinayotgan firqa va oqimlarga qarshi doimo sergak va hushyor turish zarurligini doimo yodda tutmoq darkordir.

Bu xususida Alloh taolo Qur’oni karimning “Moida” surasida shunday degan:

“… Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” – deyilgan. (Moida surasi 2-oyat). Ushbu oyatga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ezgu niyat yo‘lida hamkorlik qilish yer yuzida TINChLIK VA XOTIRJAMLIKNI barqaror bo‘lishiga bosh omillaridan ekani targ‘ib qilingan.

Tinchlik va xotirjamlik – barcha davrlarda mamlakatlar, jamiyatlar, oilalarda yashagan insonlarning talab qilgan asosiy maqsadi bo‘lib kelgan. Bu ikki ne’mat uchun qilingan qancha harakatlar, xarajatlar ham so‘zimizga misoldir.

Tinchlik va xotirjamlik ne’matlari bashariyat uni saqlashlik uchun xoh qimmatli bo‘lsin, xoh arzon bo‘lsin barcha narsasini, aql-zakovat, mol-dunyo va kuch-quvvatini sarflashiga haqli bo‘lgan ulug‘ ne’matlardan ekani, buni bardavom bo‘lishi uchun uning sabablari, uni tutib turuvchi omillari va ustunlari ham bardavom bajarilishi lozim bo‘ladi.

Tinchlik va xotirjamlikni saqlash, uni qadrlash uchun insonlarni, yosh avlodni, erkak-ayollarni, xullas har bir shaxsni Allohning toatida, Allohga ma’siyat qilishdan qaytarish, bergan ne’matlarini qadrlash asosida tarbiyalash lozim bo‘ladi. Shuningdek, har bir inson o‘zining burchi va majburiyatlarini yaxshi bilishi va unga qat’iy amal qilishi dinimizning talab va tavsiyalaridandir.

Yuqorida ta’kidlab o‘tganimiz kabi, inson uchun tinchlik va xotirjamlik zarur va bu muqaddas dinimizning, davrimizning talabidir. Bu xususida Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) yana bir hadislarida shunday deganlar:

Ya’ni “Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to‘lig‘icha berilibdi”. (Imom Buxoriy “Al-adab al-mufrad” kitobida rivoyat qilgan).

Jahonda ro‘y berib turgan notinchliklar, kishini dilini xufton qiladigan holatlar, bo‘lib turgan turli voqea va hodislardan bugun g‘aflatda qolish hech kimning haqqi yo‘q. Mamlakatlarni, jamiyatni, oilalarni, insonni halokat va falokatga uchratadigan eng yomon musibatlardan bu – beparvolik, g‘aflat, loqaydlik va shunga oid yomon hislatlardir.

Bu insonlarga ko‘rinmaydigan illatlardan, kasalliklardandir desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuning uchun ham jannatmakaon Vatanimiz fuqarolari, barcha-barchamiz mazkur yomon hislatlardan chiqishimiz lozim va lobuddir.

Beparvolik, g‘aflat, loqaydliklardan dinimizda qat’iy qaytarib, u kabi illatlarga tushmaslikka targ‘ib etgan.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘liq katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanligini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa yanada ko‘proq Allohga shukr qilishga undaydi. Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukrni ado etilishiga bog‘liqdir.

Tinchlik va xotirjamlik ana shunday amaliy shukr talab qiladigan ne’matlardandir. Bu ne’matning shukrini ado etish barchaning zimmasiga farzdir. Nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari, yoshlilar o‘zlarining halol mehnatlari, uni himoya qilish uchun astoydil bel bog‘lashlari bilan bu ne’matning shukrini ado etgan bo‘lamiz. Shu bilan birga davrimiz va muqaddas dinimizning talab va tavsiyalarida amalga oshirgan bo‘lamiz.

Alloh taolo Yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror va bardavom, xalqimizning hayotini farovon qilsin.

Isomiddin AHROROV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Read 711 times
Top