Мақолалар

O‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun barcha sharoit muhayyo etilgan

HAJ-2023

Allohga shukrki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada ulkan islohotlar kechmoqda. Xususan, davlatimizning bevosita koʻmagi bilan yurtdoshlarimizning haj ibodatlarini har qachongidan ham yuksak saviyada tashkil etish, ular uchun munosib qulayliklarni yaratib berish borasida tizimli ishlar qilinmoqda.

Bundan atigi olti-yetti yil avval haj kvotasi 5200 tani tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda bu raqam 7200 ta, 2022-yilda esa 12 000 taga yetdi. Joriy yilda mamlakatimiz fuqarolari uchun umumiy haj kvotasi 15 000 etib belgilandi. Albatta, haj kvotasining yildan-yilga oshib borishi ham yurtimizda diniy-maʼrifiy yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami naqadar kengligidan darak beradi. Eng muhimi, xalqimiz bu kabi oʻzgarishlarni katta xursandlik va quvonch bilan qabul qilmoqda.

Har bir moʻmin-musulmon borki, Allohning baytini umrida bir bor boʻlsa-da, tavof qilishni, Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak Ravzai shariflarini ziyorat etishni orzu qiladi. Chunki bu muqaddas zaminlarda Qurʼoni karim oyatlari nozil boʻlgan, islom tarixiga oid koʻplab voqea-hodisalar yuz bergan va savobli amallarning ajr-u mukofoti bir necha baravar koʻpaytirib beriladi.

Shu bilan birga, Kaʼbatullohda ibodat qilishning, Nabiy alayhissalomning masjidlarida namoz oʻqishning savobi juda ulugʻ. Masjidul Haramda bir rakat namozga yuz ming rakat, Masjidi Nabaviyda esa ming rakat namozning savobi beriladi. Bunday ulkan imkoniyatga erishishga barchaning talpinishi tabiiy hol.

Yurtimiz ziyoratchilari shu yilning 4-iyunidan 19-iyun kuniga qadar  mamlakatimizdagi 10 ta xalqaro aeroport (Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Qarshi, Termiz, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Urganch, Nukus shaharlari) orqali Madina shahriga parvoz qiladilar.

Bir umr Ka’bai muazzama, Ravzai sharifni sog‘inib yashab o‘tib ketgan ajdodlarimizning orzulari bu yil 15 ming hoji timsolida ro‘yobga chiqmoqda. Bunday buyuk sharafga va baxtga noil bo‘lib turgan hamyurtlarimiz odamning havasini keltiradigan sharoitlarda haj safarini ado etish uchun ayni kunlarda Madinai munavvara va Makkai mukarrama shaharlarida bo‘lib turishibdi. 

Munavvar shahar og‘ushida

Hojilarimiz azaliy an’anaga muvofiq dastlab Madina shahriga kelib, Ravzai sharifni ziyorat qilyapti. Ziyoratchilarimiz ayni paytda Madina shahridagi Masjidi Nabaviydan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli “Zam-zam Pullman” mehmonxonasida istiqomat qilmoqda. 

Avvalgi nomi Yasrib bo‘lgan bu shahar Rasul alayhissalomning tashriflari bilan nurli va munavvar shaharga aylangan. Masjidi Nabaviyga kirgan odam bu muazzam maskandan chiqqisi kelmaydi: to‘yib-to‘yib ibodat qilishni xohlaydi. Nabiy alayhissalomning bu masjidlarida namoz o‘qiyotgan, duolar, zikrlar qilayotgan hojilarimiz chinakam baxt-u saodatga erishmoqdalar.

Masjidi Nabaviy hovlisida turib bu go‘zal manzarani kuzatishning zavqi bo‘lakcha: egnilariga O‘zbekiston bayrog‘i ramzi tushirilgan nimchalarni kiyib olgancha ibodatlarga shoshayotgan bo‘lg‘usi hoji ota, hoji onalarimiz yuz-ko‘zlaridagi quvonch ularning naqadar baxtiyor ekanidan nishona. Ayniqsa, Ravzai sharifga kirgan kishi o‘zini o‘zgacha his etadi. Chunonchi, Nabiy alayhissalom muborak hadislarida: “Uyim va minbarim o‘rtasida jannat bog‘laridan bir bog‘ bor”, deganlar.

Yurtdoshlarimiz munavvar shahardagi uch kunlik safarlari davomida Payg‘ambar alayhissalom ravzalarini ziyorat qilib, Uhud tog‘i, islom olamida birinchi qurilgan masjid – Quboda bo‘lyaptilar. Asosiy vaqtlarini Masjidi Nabaviyda toat-ibodat bilan o‘tkazmoqdalar.

Bo‘lg‘usi hojilarimiz ibodatlardan so‘ng jannatmonand yurtimiz tinch-osuda, xalqimiz turmushi bundan-da farovon bo‘lishini, bu kabi xayrli ishlarning boshida turganlarning tan-joni sog‘ bo‘lishini Yaratgandan chin dildan so‘rab iltijo qilmoqdalar.

Har bir ziyoratchiga xizmat qilish – katta sharaf

Haj qiluvchi kishi Alloh taoloning mehmonidir. Haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ savoblarga noil bo‘lishi haqida ko‘plab dalillar bor. Shu ma’noda, “Haj-2023” tashkilotchilari va ishchi guruh a’zolari ana shunday ulug‘ darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga sidqidildan xizmat ko‘rsatmoqdalar. 

Xususan, “Haj-2023” delegatsiyasi, ishchi guruhlar, ellikboshilar doimo hojilarning yonida, shifokorlar sog‘liqlaridan xabardor bo‘lib turibdi. Oshpazlar esa ibodatga quvvat bo‘ladigan milliy taomlardan tayyorlab beryaptilar.

Ulamolarimiz, ahli ilmlar va ellikboshilar ziyoratchilar bilan doimiy suhbatlar o‘tkazib, ibodatlarini chiroyli ado etishlariga yaqindan ko‘makchi bo‘ldilar. Hojilarga sifatli transport xizmati ko‘rsatish, ularni belgilangan manzilga kechiktirmasdan yetkazib qo‘yish maqsadida avtobuslar ham jalb etildi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu muborak zaminda ziyoratchilarimiz yuksak e’tibor va davlatimiz ko‘magini har qadamda his etmoqdalar. Ulardan har birining yuz-ko‘zi-yu so‘zlarida bu imkoniyat-sharoitlardan mamnunlik, shukronalikni yaqqol ko‘rish mumkin. Bo‘lg‘usi hojilarimiz muqaddas zamindagi ibodatlar chog‘ida jonajon yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, xalqimizga farovonlik va dasturxonimizga to‘kinlik tilab duolar qilmoqda.

Muqaddas zaminga kelish har kimga ham nasib etavermaydi. Alloh chaqirgan bandagina Rahmonning mehmoni bo‘ladi. Shunday ekan, har bir ziyoratchi haj mavsumini g‘animat bilib, har soniyadan unumli foydalanish harakatida bo‘lishi kerak. 

Alloh taolo ibodatlarimizni qabul, hajlarimizni mabrur aylasin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

Qahramon MIRXOLIQOV,

Toshkent shahri:

– Islomning beshinchi ruknini ado etishni nasib qilgan Alloh taologa cheksiz hamd-u sanolar bo‘lsin. Bu yilgi haj mavsumini yuqori saviyada tashkillashtirganlarga minnatdorlik bildiramiz. Chunki safar chog‘ida yurtdoshlarimizga xizmat ko‘rsatish uchun katta tayyorgarlik ko‘rilgani shundoq sezildi. Hatto boshqa mamlakat fuqarolari bizga havas bilan qaradi. 

Barcha qulayliklarga ega mehmonxonada yashab, masjidda jamoa bo‘lib namoz o‘qishimiz, Masjidi Nabaviy juda yaqin ekani respublika rahbariyati g‘amxo‘rligi ekanidan ruhlanib, bu xayrli ishlarga hissasi qo‘shilgan barcha rahbarlar haqlariga duolar qilyapmiz. Albatta, bunday qulayliklar ibodatlarni mukammal ado etishga katta omil bo‘ldi.

Qayd etish joizki, haj va umra amallarini bajarishdan tortib, muborak joylarda kishi o‘zini qanday tutishigacha bo‘lgan barcha amallar guruh rahbarlari tomonidan doimiy tarzda o‘rgatildi. 

Bunday sidqidildan qilingan mehnat ziyoratlar, ibodatlarni risoladagidek bajarib xotirjam bo‘lishga zamin yaratdi. Mehribon Alloh taolo ibodatlarimizni qabul aylab, hojilarimizning hajini mabrur qilgan bo‘lsin!

Abdulloh JALILOV,

Namangan viloyati:

– Shinam, har tomonlama qulay mehmonxonaga joylashdik. Bu yerda ziyoratchilarimiz uchun hamma imkoniyatlar muhayyo qilingan. Mehmonxonada uch mahal tansiq taomlar tayyorlanib, yurtdoshlarimizga tortiq etiladi. Shu bilan birga, tibbiy punktlar 24 soat davomida ishlab, ziyoratchilarimiz salomatligini asrashga ko‘mak ko‘rsatmoqda.

Ushbu xayrli ishlar zamirida mamlakatimizda ilgari surilayotgan insonlarni rozi qilishdek ulug‘vor maqsad mujassam. Biz esa buni ziyoratchilarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va yuksak e’tiborda ko‘rmoqdamiz.

Mavluda ABDUJALILOVA,

Toshkent viloyati:

– Ko‘p yillardan beri hajga kelishni orzu qilib yurar edim. Allohga shukr, bu yil maqsadimga yetdim: inshaalloh haj ibodatlarini bajarishga kirishaman. Madinai munavvarani ko‘rganimdan, Ravzai sharifga kirganimdan, Uhud tog‘iga, Qubo masjidiga ziyoratga borganimdan boshim ko‘kka yetdi. Ushbu tabarruk maskanlar kishining ruhiyatini tetik qilarkan. 

Albatta, bunday sharafga, baxtga erishish – chinakam saodat. Har bir yurtdoshimiz shu yerlarga kelib, to‘yib-to‘yib ibodat qilsin. Ming karra shukr! Tabarruk maskanlar, ulug‘ ziyoratgohlarda O‘zbekistonimizga tinchlik va ofiyat, xayrli va savobli ishlarga yuksak marralar, xalqimizga esa omonlik tilab, duo qildik.

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 14-iyun, 116-son

Read 1063 times
Tagged under

Мақолалар

Top