Мақолалар

Mufassir, faqih, muhaddis va tush taʼbirini yaxshi biluvchi olim

Hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning davri.Sergʻayrat qoʻshin boshi Xolid ibn Valid boshchiligida Kufaning gʼarbiy hududida joylashgan “Aynut tamr” shahrini fath qiladi.Bu fathdan soʼng oʻljalar taqsimlanganda Anas ibn Molik roziyallohu anhuga Siyrin ismli gʻulom tegadi. Anas roziyallohu anhu uni oʻsha zahoti ozod qiladi.

Bundan soʻng Siyrin uylanish uchun Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning oldiga keladi va uning ozod qilgan choʻrisi Sofiyyaga uylanmoqchiligini aytadi. Sofiyya taqvoli, hayoli qizlardan edi. U Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning qoʻlida goʻyo omonatdek edi. Siddiq roziyallohu anhu bu taklifdan juda mamnun boʼlib, oʼzlari Sofiyyaga sovchi boʻladilar.

Oradan bir necha yillar oʻtib, Umar roziyallohu anhuning xalifaligining oxirgi yillarida Alloh taolo bu oilaga oʻgʻil farzand ato qiladi. Oʻta taqvoli boʼlib tanilgan ota-ona oʻzlariga berilgan bu neʼmatga shukronalik keltirib, uning ismini Muhammad deb qoʻyadi.

Yoshligidan Muhammad ibn Siyrin ilmga muhabbat qoʻyadi. U Madinada koʻplab sahobalar va tobeinlar bilan suhbat qurib, ulardan ilm oladi. Keyinchlalik Basraga oilasi bilan koʻchib oʻtib, u yerni maskan tutadi. Bu davrda Basra ilm markazi boʼlgan shahar edi. U bu yerda fiqh, hadis, tafsir va shuningdek tush ta’biri ilmlarini chuqur oʻrganadi. Subhdan boshlab quyosh chiqquncha masjidda ilm halqalarida boʼlardi. Kunduzi bozorda tijorat bilan shugʻullanardi. Bozorda ham zikr bilan mashgʻul boʼlib yurardi. Tunda esa tahajjud oʻqib boʻlgach Qurʼon tilovati va zikrlar bilan mashgʻul boʻlardi. Yigʻi ovozlari hattoki yon atrofdagi qoʻshnilarga ham eshitilardi.

Muhammad ibn Siyrin Anas ibn Molik, Abdulloh ibn Umar, Zayd ibn Sobit, Abu Hurayra va boshqa jami 30 ta sahoba bilan koʻrishish baxtiga muyassar boʻlgan. U kishidan esa, Qatoda, Ayyub, Hishom ibn Hasson, Qurra ibn Xolid kabi tobeinlar hadis rivoyat qilishgan.

U haqida zamondoshlari olim, muhaddis, faqih, taqvosi kuchli, tush taʼbirini yaxshi biluvchi deb eslashardi.

Muhammad ibn Siyrin tijorat bilan shugʻullanar edi. Bir safar koʻp miqdorda qarzga yogʻ sotib oladi. Keyin omboriga olib borib, idishni ogʻzini ochib koʻrsa ichidan shishib ketgan o‘lik sichqonni koʻradi. Soʼng yaxshilab oʻylab koʻradi. “Agar buni egasiga qaytarsam, u boshqalarga bildirmasdan sotib yuboradi. Axir bu najas boʻlganku, yaxshisi toʻkib yubora qolay”, deb hammasini toʻkib yuboradi. Bu yogʻ koʻp miqdorda boʻlgani uchun uning qarzini uzolmay qoladi. Natijada esa hibsga olinadi.

Qamoqxona qoʼriqchilaridan biri uni yaxshi kishiligini bilib, yordam bermoqchi boʻladi: “Siz tunda bemalol uyingizga borib, ahlingizni koʻrib keling. Ertalab erta kelsangiz boʼldi. Men hech kimga indamayman”, deydi. Muhammad ibn Siyrin esa “Sultonga xiyonat qilib, menga yordam bermoqchimisiz? Men bunga rozi emasman”, deb javob beradi. U hibsdaligida Anas ibn Molik roziyallohu anhu vafot etadi. U kishi vafotidan oldin “Vafotimdan soʻng meni Muhammad ibn Siyrin gʻusl qildirib, janozamni oʻqisin” deb vasiyat qilgan boʻladi.

U kishining vasiyatini bajarish uchun Muhammad hibsdan chiqariladi. Vasiyatga binoan dafn qilib boʻlgach yana qamoqxonaga qaytadi.

Muhammad ibn Siyrin Basriy Hasan Basriy vafotlaridan 100 kundan keyin 78 yoshida vafot etadi. Vafotidan avval oilasiga “Allohga taqvo qilish, haq yoʻlda boʼlish”ni qayta-qayta vasiyat qiladi.

Obidlardan biri qoʻshnisi vafotidan soʻng uni tushida koʻradi.

- Men: “Robbing senga nima qildi?” dedim.

- U: “Meni jannat bilan siyladi, keyin as’habul yaminlar darajasiga koʻtardi. Undan keyin esa muqarrablar darajasiga koʻtardi” deb javob berdim.

- Men: “U yerda kimni koʻrding?” deb soʻradim.

- U: “Hasan Basriy va Muhammad ibn Siyrinni koʻrdim”, dedi.

 

Najmitdinova Bibi Aisha,

Toshkent islom instituti 1-kurs talabasi.

Read 1505 times
Tagged under

Мақолалар

Top