Мақолалар

Yoshlarning "ikkinchi uyi"

“Agar bir kishi yoshligida nafsi buzilib, tarbiyasiz, axloqsiz bo‘lib o‘sdimi, bunday kishilardan yaxshilik kutmoq yerdan turib yulduzlarga qo‘l uzatmoq kabidir. Din va e’tiqodi salomat bo‘lmagan kishilar haqni botildan foydani zarardan, oqni qoradan, yaxshini esa yomondan ayira olmas, bunday kishilardan na o‘ziga va na boshqa kishilarga va na millatga tariqcha foyda yo‘qdir”.

Abdulla Avloniy

Virtual o‘yinlarga mukkasidan ketish so’nggi yillarda dunyo xalqlarining jiddiy muammolaridan biriga aylanmoqda.

Hozir yoshlar ongiga ta’sir qilib, ular qalbiga o‘z buzg‘unchi g‘oyalarini singdirishni yoki ularni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirishni maqsad qilgan kuchlar juda ko‘p. Bu holat oddiy kompyuter o‘yinlaridan tortib, internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar, mobil aloqa dasturlarida ham ochiq ko‘zga tashlanadi.

Virtual olam insonni fikran qaram etish orqali o‘ziga bo‘ysundirmoqda. Hozir bolalar yoki o‘smirlarning internet-kafeni “ikkinchi uyi”ga aylantirib olayotgani sir emas. Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, onlayn o‘yinlarni  o‘ynovchilar ham, asosan, o‘smirlar. O‘smirlik shaxsning fiziologik va ijtimoiy  rivojlanishidagi o‘ziga xos davr hisoblanadi. Agar shu davrda o‘g‘il yoki qiz agressiv ruhdagi onlayn o‘yinlariga  berilsa, bu noxush oqibatlarga olib kelishi turgan gap.

Kompyuter ekranidan turli tajovuzkorona ko‘rinishlar, zo‘ravonlik va fahsh ishlar ochiqdan-ochiq, ko‘rsatilishi bolalarning ruhiyatiga salbiy ta’sir etib, ma’naviy buzuqilikni keltirib chiqaradi.

Internet klublarda yoshlar o‘ynaydigan virtual o‘yinlarning 49 foizi sezilarli darajada zo‘ravonlik va yovuzlik ko‘rinishga ega. Ularning 41 foiz jangari (turli otishmalar va portlatishlarga asoslangan) o‘yinlarda esa o‘yin qahramoni o‘z maqsadiga yetishish uchun zo‘ravonlik va yovuzliklardan foydalanadi. Bunday o‘yinlarni yoshlarning ongiga tashlangan olovga qiyoslash mumkin, chunki bu o‘yinlar yoshlar ongini zaharlaydi va ularning ma’naviy tarbiyasiga salbiy ta’sir o‘tkazadi.

Farzand istiqboli, yorqin kelajagi uchun har bir kishi tarbiya masalasiga jiddiy e’tibor bermog‘i zarur. Bola tarbiyani turli kompyuter o‘yinlari, internet va ijtimoiy tarmoqlardan emas, eng avvalo, ota-onalaridan, bobo-momolaridan, ezgulikka, poklikka va din-u diyonatga chaqiruvchi yaxshi kitoblardan olsin. Bola inson zoye qilgan vaqti, ya’ni umrini nimaga sarflagani xususida olamlar Parvardigori oldida javob berishini bilsin.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni bo‘lganda bandaning qadami umrini nima bilan o‘tkazib yuborgani, ilmiga qanchalik amal qilgani, molini qayerdan topib, qayerga sarflagani va jism-u jonini nima bilan qaritgani to’g’risida so‘ralmaguncha joyidan qo‘zg’almaydi”, deganlar.

Virtual o‘yinlarining salbiy oqibatlari haqida ommaviy axborot vositalarida bot-bot bong urishsa ham baribir internet-kafelarning doimo yoshlar bilan gavjumligi, u yerda o‘smirlarning turli o‘yinlarga mukkasidan ketayotgani va qimmatli vaqtini behuda o‘tkazayotgani dilni xira qiladi. Ayniqsa, bolalarning diqqatini monitordan uzmagan holda bir-biri bilan so‘kishib, bir-birini behayo so‘zlar bilan haqoratlab gaplashishi internetdan ma’lumot olish uchun kelgan qizlar, ayollarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Aziz yoshlar, siz buyuk yurt farzandlarisiz! Siz butun dunyo tamadduniga tamal toshi qo’ygan insonlarning avlodisiz. O’zingizning yosh umringiz va qimmatli vaqtingizni o’yin o’ynab va internetda behuda o’tkazmang. Undan ko’ra kitob o‘qing, sport bilan shug‘ullaning, ota-onangizning uy yumushlariga qarashing. Eng asosiysi, yoshligingizdan bu hayotda o‘z o‘rningizni topish yo‘lini izlab, ajdodlarimizga xos va mos avlodlardan bo‘ling.

Odiljon NARZULLAYEV,

Modul ta’lim tizimi talabasi,

Yangiyo‘l tuman “Imom Sulton” jome masjidi imom xatibi.

 

Read 745 times

Мақолалар

Top