Мақолалар

Iso alayhissalom haqida e’tiqodimiz

Insonlarning o‘lchov va ko‘nikmalariga qaralsa, Iso alayhissalomning tug‘ilishlari ham, osmonga ko‘tarilishlari ham odamlarni hayratga soluvchi, g‘ayritabiiy hodisa hisoblanadi.

Bu haqida biz musulmonlarning sof e’tiqodimiz bor bo‘lib, quyida bu haqida keltiriladi.  Alloh taolo o‘zining kitobida yahudiylarning Iso alayhissalomga uyushtirgan suiqasdlari,  payg‘ambarlariga bergan ahdlarini buzganliklari, va nasroniylarning u zot haqidagi quruq bo‘htonlari hamda buzuq e’tiqodlari haqida ochiq – oydin oyatlar nozil qildi.

Yahudiylar Iso alayhissalomning payg‘ambarligiga va  mo‘jizalariga hasad qildilar. U Zot ko‘r bo‘lib tug‘ilganlarni va peslarni davolar, o‘likni Allohning izni ila tiriltirar, loydan qushning shaklini yasab puflasalar  Allohning izni ila haqiqiy qushga aylanar edi .

Yahudiylar esa u zotni yolg‘onchiga chiqardi. Payg‘ambarliklarini tan olishmadi. Imkon qadar u zotni yo‘q qilib yuborishga harakat qildilar. Bu haqidagi qissa esa,  hammaga mashhurdir.

Ular Iso alayhissalomni o‘ldirganliklarini da’vo qildilar. Lekin bu quruq da’vo xolos, haqiqatni esa Quroni Karim bayon qiladi:

Niso surasining 157 oyatida:

وَقَوۡلِهِمۡ إِنَّا قَتَلۡنَا ٱلۡمَسِيحَ عِيسَى ٱبۡنَ مَرۡيَمَ رَسُولَ ٱللَّهِ وَمَا قَتَلُوهُ

“Biz Allohning Rasuli Masih Iso ibn Maryamni o‘ldirdik”, deganlari uchun ularni la’natladik. Holbuki uni o‘ldirmadilar ham, osmadilar ham, lekin ularga shunday tuyuldi.

Oyatning kelasi qismiga asosiy e’tiborimizni qaratishimiz kerak bo‘ladi.

وَإِنَّ ٱلَّذِينَ ٱخۡتَلَفُواْ فِيهِ لَفِي شَكّٖ مِّنۡهُۚ مَا لَهُم بِهِۦ مِنۡ عِلۡمٍ إِلَّا ٱتِّبَاعَ ٱلظَّنِّۚ وَمَا قَتَلُوهُ يَقِينَۢا

“U haqida ixtilofga tushganlar uning o‘limi haqida shak-shubhadadirlar. U to‘g‘risida ularning bilimlari yo‘q, magar gumonga ergasharlar. Uni o‘ldirmaganlari aniqdir.”

Shu oyat  bilan yahudiylarning kirdikorlari fosh bo‘ldi.

Endi nasroniylarning bu ish haqidagi ixtiloflariga to‘xtaladigan bo‘lsak, nasroniylarning Iso alayhissalom haqidagi e’tiqodlari Qur’oni Karimda quyidagicha bayon qilinadi:

لَقَدۡ كَفَرَ ٱلَّذِينَ قَالُوٓاْ إِنَّ ٱللَّهَ هُوَ ٱلۡمَسِيحُ ٱبۡنُ مَرۡيَمَۖ ُ

“Alloh , albatta , Masih ibn Maryamdir deganlar kofir bo‘ldi”, (Moida 72)

Iso alayhissalomdan keyin nasorolar bu sof aqidani buzdilar, zalolat botqog‘iga botdilar va Iso alayhissalomning aytganlariga butkul teskari gapni aytdilar.  Chunki Iso alayhissalom nasorolarga, men Xudoman menga ibodat qiling demaganlar.

Ammo, ahdnomani buzgan nasorolar esa zulmlarida davom etdilar.

لَّقَدۡ كَفَرَ ٱلَّذِينَ قَالُوٓاْ إِنَّ ٱللَّهَ ثَالِثُ ثَلَٰثَةٖۘ

“Alloh uchtaning uchinchisidir, deganlar batahqiq kofir bo‘ldilar.” (Moida 73 )

Ular Allohning tabiati bir-biriga teng uchta ko‘rinishdan- Ota xudo , o‘g‘il xudo va Muqaddas ruhdan iborat deyishdi .

Alloh taolo bularga javob o‘laroq, suraning davomida:

مَّا ٱلۡمَسِيحُ ٱبۡنُ مَرۡيَمَ إِلَّا رَسُولٞ

“Masih ibn Maryam bir rasul xolos undan oldin ham rasullar o‘tgan” (Moida 75) dedi.

Bu esa nasroniylarga qarshi ochiq-oydin raddiyadir.

Endi Iso alayhissalomning osmonga ko‘tarilganlari va qayta tushishlarini inkor qiluvchilarning bir necha da’volarini ko‘rib chiqamiz

Birinchi e’tirozlari, Alloh taolo Qur’oni Karimda Iso alayhissalomning  vafot etganini zikr qildi.

O‘shanda Alloh aytdi:

إِذۡ قَالَ ٱللَّهُ يَٰعِيسَىٰٓ إِنِّي مُتَوَفِّيكَ وَرَافِعُكَ إِلَيَّ

“Ey Iso, Men seni vafot qildiruvchi va O‘zimga ko‘taruvchiman”. (Oli Imron 55)

Va yana Iso alayhissalomdan hikoya qilib:

وَكُنتُ عَلَيۡهِمۡ شَهِيدٗا مَّا دُمۡتُ فِيهِمۡۖ فَلَمَّا تَوَفَّيۡتَنِي كُنتَ أَنتَ ٱلرَّقِيبَ عَلَيۡهِمۡۚ وَأَنتَ عَلَىٰ كُلِّ شَيۡءٖ شَهِيدٌ

“Va modomiki oralarida ekanman, ularga guvoh bo‘ldim. Meni O‘zingga olganingdan so‘ng, Sening O‘zing ularga kuzatuvchi bo‘lding. Zotan, Sen har bir narsaga guvohsan.” (Moida 117)

Bu yerda توفى – o‘lim ma’nosida keladi deydilar .

Bizning javobimiz: Kavsariy aytadi: توفى ning asil ma’nosi قبض va أخذ ya’ni  qo‘lga olish va egallab olish ma’nosidadir. Majozan o‘lim ma’nosida ishlatiladi. Zamaxshariyning ” Asasul balog‘at ” kitobida kelgani kabi. Oyatning ma’nosi “seni yerdan oluvchiman va osmonga ko‘taruvchiman”.

An’om surasining 60 oyatida توفى kalimasining boshqa ma’noda kelishini ham ko‘rishimiz mumkin :

وَهُوَ ٱلَّذِي يَتَوَفَّىٰكُم بِٱلَّيۡلِ وَيَعۡلَمُ مَا جَرَحۡتُم بِٱلنَّهَارِ

“U Zot sizlarni tunda vafot ettiruvchi va kunduzi qilgan amallaringizni biluvchi Zotdir”.

Bu yerda ham ulamolar توفى ning ma’nosi “uxlatib qo‘yish” deb tafsir qilganlar.

Ibn Qutayba: oyatning ma’nosi “seni yerdan vafot ettirmasdan qabz qilib oldim” degani. Bu ma’no boshqa oyat va xabarlar bilan o‘zaro mos keladi.

Ikkinchi e’tirozlari, Iso alayhissalomning tirik holatda uzoq muddat qolishi Allohning sunnatiga to‘g‘ri kelmaydi.

Bizning javobimiz: Qiyomatning katta alomatlari odatga xilof ishlardan bo‘ladi. Misol uchun quyoshning mag‘ribdan chiqishiga o‘xshash. Shuningdek Iso alayhissalomning tirikliklari va tushishlari ham shunga misol bo‘ladi. Iso alayhissalomning tug‘ilishlari ham odatdan tashqari ish bo‘lgan va u zotning tirik ekanlariga ham ajablanilmaydi.

Uchinchi e’tirozlari Iso alayhissalom haqida hadislar sahih emas, ohod hadislardir.

Bizning javobimiz, bu hadislar sahihdir. Imom Buxoriy va Imom Muslim bu hadislarning bir guruhini sahihlarida rivoyat qilishgan.

To‘rtinchi e’tirozlari: Iso alayhissalomning oxirgi zamonda tushishlari nubuvvatning tugagani  haqidagi muhkam oyatlarga ziddir.

Bizning e’tiqodimizga ko‘ra,  U zot alayhissalom musulmonlardan biri bo‘lib tushadilar, sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergashadilar, va Islom shariati bilan hukm qiladilar. Nabiy yoki rosul sifatida kelmaydilar va bu nubuvvatning tugaganini inkor qilmaydi.

Bu haqida  Sirojiddin O‘shiy “Bad’ul a’moliy” asarida quyidagini aytadi:

وَعِيسَى سَوفَ يأْتِي ثم يتْوِي لِدَجَّالٍ شَقِي  ٍذِي خَبَال

“Albatta, Iso alayhissalom kelajakda kelar, So‘ng, badbaxt dajjol tomon yo‘l olar”.

Ahli sunna val jamoa mazhabi o‘ta ishonchli manbalar asosida Iso alayhissalom o‘lganlari yo‘q, Alloh u zotni O‘ziga ko‘tarib olgan, qiyomat qoim bo‘lishidan oldin qaytib tushadilar, deb e’tiqod qiladi.

Lekin, Alloh u zotni qanday qilib o‘ziga ko‘tardi – O‘zidan boshqa hech kim bilmaydi . Bu masala ochiq bo‘lib, bandalarning daxli bo‘lmagan, g‘ayb masalasiga kiradi.

Toshkent Islom instituti talabasi Rahmonova Sohiba

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining , “Tafsiri Hilol” asarlari,
  2. “Ususul aqidatil islamiyya” Hamza Bakriy
  3. “E’tiqod durdonalari” Abduqodir Abdurrahim.
Read 1590 times

Мақолалар

Top