МАҚОЛА

Milliylikka tahdid — millatga tahdid

Bugungi kunda ikki yuzga yaqin davlatlarda 1600 dan ortiq turli millat va elatlar yashab kelmoqda. Ularning har biri o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtni vatan deb biladi va har bir qarich yerini ardoqlaydi. Tabiiyki, bunday tuyg‘u insonga ona qornidan singadi. Chunki bola onasining bag‘rini o‘ziga dastlabki vatan sifatida qabul qiladi. Dunyoga kelgach esa, o‘sha zaminini vatan deb biladi. Shu sabab ham insonning tug‘ilib o‘sgan yeri ona bilan tenglashtirilib, “ona vatan” deya qadrlanadi.

Shu tarzda odamlardan tashkil topib, xalq bo‘lib shakllangan millatning vatani ham ona zamini sanaladi. Milliylik bevosita vatan bilan bog‘langani sababli vatan tushunchasiga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir.

O‘z vatani, ona yurti, tug‘ilib o‘sgan go‘shasi, oila, mahallasini sevish va qadrlash har bir oqil inson qalbidagi tabiiy tuyg‘u sanaladi. Shu ma’noda inson zoti o‘z vatanida xotirjam va erkin bo‘ladi. Buni tarixda o‘tgan buyuk shaxslar misolida ko‘rish mumkin. O‘z davrida Amir Temur dunyoni zabt etib, Samarqandni unga poytaxt qilgan va ushbu shaharni jahonning sayqali darajasidagi go‘zal maskanga aylantirgan. Bu yerda eng mahobatli va ko‘rkam binolar qurilgan hamda ilm-fan rivoj topgan.

Buyuk shoir va sarkarda, davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti ham Vatanni sevishga yorqin misol bo‘la oladi. O‘z davrining yirik va qudratli davlatlaridan biri – Hindistondek mamlakat hukmdori bo‘la turib, bir umr Andijonini, so‘lim Farg‘onasini, bobokalonlaridan meros Samarqandini qo‘msab o‘tdi, ijodining salmoqli qismini Vatan sog‘inchiga bag‘ishladi.

Ota-bobolarimiz, ulug‘ ajdodlarimiz va allomalarimiz ham yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor berib, o‘z yurtlariga muhabbatni ifoda etish borasida ajoyib namunalar ko‘rsatishgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ahmad Farg‘oniy, Muhammad Xorazmiy, Abu Lays Samarqandiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abul Mu’in Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Majzub Namangoniy kabi buyuk mutafakkirlarimiz o‘zlarining taxalluslarini kindik qonlari to‘kilgan yurt bilan bog‘laganlari, ularning nomini dunyoga ma’lumu-mashhur qilganliklari ham bir namunadir.

Shu sababli ham donolar: “Kishining vafodorligi va sadoqati uning o‘z Vatani uchun qayg‘urishidan, do‘stlarini sog‘inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga achinib, o‘kinib yashashidan bilinadi”, deb, bejiz aytmagan ekanlar.

Afsuski, so‘nggi paytlarda ayrim kimsalar vatan, millat, milliylik kabi moʻtabar tushunchalarga e’tiborsiz qarab, millatga qarshi turli tahdidlar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Ayrimlar esa, vatan tushunchasi asli yo‘q narsa deb hisoblab, uni mensimay, millatning birligi va yaxlitligini buzishga qaratilgan da’volarni ilgari surmoqdalar.

Barcha moʻtabar manbalar, shu jumladan, muqaddas Qur’oni karimda ham vatan, yer, diyor ma’nosini beruvchi “dor” so‘zi jami 47 marta takrorlanganligini ko‘rish mumkin. Ushbu so‘zning shunchalar ko‘p takrorlanishi ham mazkur ma’nolarning naqadar muhimligidan dalolat beradi.

Qadim maqollarimizda ham “Ona yerning tuprog‘i – ona sutidan aziz”, “O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha, O‘z yurtingda gado bo‘l” deya vatan ulug‘lanadi. Shunday ekan, yoshlar tarbiyasida millatning birligi, uning farovonligi, azaliy qadriyatlarni asrab avaylashga alohida urg‘u berish zarur. Aks holda o‘zini va o‘zligini bilmagan, ota-onasi va ajdodlarini qadrlamagan, mahalladoshi va millatdoshini hurmat qilmagan insondan bashariyat uchun yaxshilik kutish amri maholdir. Shu bois allomalarimiz bejizga bolalikdan to‘g‘ri tarbiya berishga juda katta e’tibor qaratmaganlar. Bu borada Abdulla Avloniy bobomiz “Ta’ lim-tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot” deb eng tahlikali bir davrda ham ogohlikka da’vat etganligini eslash kifoya.

Milliylikka bo‘lgan tahdidlar shakli va uslubi turlicha bo‘lib, oxirgi paytlarda internet orqali bo‘lgan xavflar ko‘pligini kuzatish mumkin. Bunday xavflar orasida ekstremistik, shovinistik, axloq va odobga qarshi, insoniylik g‘oyalarini buzishga qaratilgan harakatlarni sanab o‘tish mumkin. Bu bilan yoshlar ongida millat tushunchasini yo‘q qilish, vatanga arzimas diyor deb qarash singdirilmoqda.

Xalqimizda: “Vatanni sevmoq imondandir”, deyilishi bejiz emas. Demak, inson o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurti, yor-do‘stlari va yaqinlari bilan bog‘lovchi Vatanini sevish, uni ardoqlash imon darajasiga ko‘tarilmoqda.

Vatan oiladan boshlanadi. Va tanga muhabbat – kishining o‘z atrofidagilarga munosabatda hurmat, e’tibor, qadrlash tuyg‘ularidan kelib chiqadi. Ba’zan o‘zimiz sezmagan holda g‘iybat atalmish illatga beparvolik qilib, yoshlar oldida birovlarning ayblarini noo‘rin gapirib qo‘yamiz. Vaholanki, g‘iybat qilish katta gunoh hisoblanib, unga jamiyatni buzadigan illat sifatida baho beriladi. Bilmay turib atrofimizda bo‘layotgan voqealarni noto‘g‘ri talqin qilamiz. Bu esa har bir eshitgan narsasini darhol o‘zlashtirib oladigan, ziyrak yoshda noto‘g‘ri dunyoqarashning shakllanishiga sabab bo‘ladi.

Diniy-ekstremistik guruhlar ta’siriga berilib qolgan yoshlar bilan o‘tkazilgan suhbatlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, ularda eng avvalo Vatan tushunchasi so‘ndiriladi. Ulardan “Vatan deganda nimani tushunasiz?” deb so‘ralganda afsuski, “Vatan tushunchasi islomga yot narsa”, “butun Yer yuzi Vatanimiz” yoki eng yaxshi holatda “yashab turgan yerimiz” deya javob beradilar. Ammo ana shu yer ustida yashayotgan insonlar, uni voyaga yetkazgan muhit, insonni inson qilgan ota-ona, ustozlar, aka-opa, do‘st, qarindosh, qo‘ni-qo‘shni, umuman kishi uchun eng aziz odamlar va qadrdon o‘lka haqida lom-mim demaydilar. Aslida shularning barchasi umumlashgan holda “Vatan” tushunchasini ifodalashi haqida o‘ylab ham ko‘rmaydilar.

Yoshlarni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hech qachon o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydigan masala hisoblanadi. Bu boradagi eng dolzarb vazifa bu – Biz hayotga katta orzu-umidlar bilan kirib kelayotgan yoshlarimizga bir haqiqatni, ya’ni, “Ey bolam, sening Vataning bitta – barchamizga aziz, betakror mana shu O‘zbekiston. Ota-bobolaringning xoki shu yerda yotibdi. Sen shu muqaddas zaminda dunyoga kelgansan, sen uni obod etishing, himoya qilishing shart. Nafaqat sening o‘z hayoting, balki senga umid ko‘zini tikib turgan ota-onang, opa-singillaring, yosh go‘daklar, nuroniy qariyalarimizning hayoti ham ana shu burchingni nechog‘liq ado etishingga bog‘liq” degan tushunchani ularning qalbiga, ongu shuuriga singdirishimiz darkor.

Aslida ota-bobolarimizdan o‘tib kelayotgan ushbu zamin, g‘uborlarga aralashmagan musaffo e’tiqodimiz, azaliy qadriyat va odatlarimiz ham bizga omonat bo‘lib, uni sof holda keyingi avlodga yetkazishimiz darkor. Ana shunda tarixda o‘tgan ulug‘ ajdodlarimiz qoldirgan buyuk ma’naviy meros, ularning ibratli hayoti ulkan tarbiya qudratiga omil sifatida chiqadi, yoshlarimizda Vatan taqdiriga, yurt istiqboliga daxldorlik tuyg‘usi yanada kamol topadi.

 

Davronbek Maxsudov,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori.

Manba: “Jamiyat” gazetasi

24-iyun 26-son 3-bet.

Read 1529 times

Мақолалар

Top