muslimuz

muslimuz

Самарқанд шаҳаридаги Боғишамол базмгоҳида вилоятда фаолият юритаётган отинойилар учун ўқув-семинар бўлиб ўтди. Уни вилоят бош имом-хатибининг хотин-қизлар масалалари бўйича ёрдамчиси Н.Темирова очиб берди.

Ўқув-семинарда Ўзбекистон мусулмонлари идораси Хотин-қизлар масалалари бўйича бўлим етакчи мутахассиси Мунира опа Абубакирова “Бидъат-хурофотларни бартараф этиш ” мавзусида маъруза қилиб берди. 

Мунира опа Абубакирова ўз мавъизаси давомида кейинги пайтда майитнинг уйида қирқ кун чироқ ёқилиши, пайшанбалик, якшанбалик, 7, 40, йил ва ҳайитда таъзия ўтказиш, аёлларнинг овоз чиқариб йиғлаши ва кўк кийиб олиши, кабрларни силаш ва тилакларни сўраш, авлиёлар номига атаб жонлиқ сўйиш, мушкулкушод ва бибисешанба маросимларини ўтказиш, тош ва дарахтларга ният қилиб рўмол ва бошқа матоларни боғлаш, кўз тегмаслиги учун туморлар тақиш, қабристонларда шам ёқиш, синов келганда фолбинларга бориш, келин-куёвни олов атрофида айлантириш, ҳаж ва умрага борганлар орасида “Ҳаж оши” ни қилиш каби бидъат-хурофотлар авж олганини таъкидлади. Мазкур иллатларнинг олдини олиш бўйича шаръий далил ва ҳаётий мисоллар асосида ўз тавсияларини берди. 

“Бидъат” сўзи луғатда “ўхшаши бўлмаган янги нарсани пайдо қилиш, диний ақидаларга киритилган ўринсиз ислоҳ”, – деган маънони билдиради. Бу ҳақда Расулуллоҳ саллаллоҳу алайҳи васаллам бундай деганлар: “Сизлар менинг ва тўғри йўлда юрувчи, ҳидоят топган хулафоларимнинг йўлини тутиб, уни озиқ тишларингиз билан тишлагандек, маҳкам ушланглар. Динга янгиликлар киритишдан сақланинглар, албатта, ҳар қандай бидъат – залолатдир” (Имом Абу Довуд ва Имом Термизий ривоятлари).

Демак, мусулмон кишиси ўзининг имон ва  эътиқодига биноан барча ҳожатларини фақат ягона Аллоҳ таолодан сўраши ва Унинг   Ўзигагина  ибодат қилиши шарт. Қуръони каримда марҳамат қилинади: “...Бас, кимки Парвардигори билан мулоқотда бўлишдан умидвор бўлса, у ҳолда эзгу амал қилсин ва Парвардигорига ибодат қилишда ҳеч кимни (Унга) шерик қилмасин!” (Каҳф сураси, 110 оят).

Мазкур мавзу юзасидан отинойилар ўзларини қизиқтирган саволларига жавоб олди. 

Ўзбекистон мусулмонлари идораси

Матбуот хизмати

Шу йил 3 июнь куни Макка шаҳридаги Abroj Dana меҳмонхонасида фарғоналик зиёратчилар билан маърифий суҳбат бўлиб ўтди. Унда Ўзбекистон мусулмонлари идораси раиси ўринбосари Муҳаммадолим домла Муҳаммадсиддиқов, “Қуръон ва тажвидни ўргатиш” бўлими мудири Шайх Алижон қори Хайдаров, Фатво маркази директор ўринбосари Ғуломиддин домла Холбоев ҳамда элликбоши ва зиёратчилар иштирок этди.

Уламоларнинг ҳаж ибодати ва одоблари, комил мўминнинг ахлоқи ва аждодларимизнинг ибратли ҳаётлари асосидаги суҳбатидан зиёратчилар баҳраманд бўлди.

Бундай мулоқотлар Сирдарё вилоятидан ташриф буюрган зиёратчилар учун ҳам ташкил этилмоқда. Навбатдаги ана шундай суҳбатда Тошкент шаҳридаги “Сирож Солиҳ” масжиди имом-хатиби Ҳасан домла Қодиров сирдарёлик ҳожиларга ҳажнинг арконлари ҳақида мавъиза қилиб берди.

4 июнь куни Андижон вилоят бош имом-хатиби Мирзамақсуд домла Алимов Макка шаҳрида бўлиб турган зиёратчилар билан маърифий учрашув ўтказди. Унда Мирзамақсуд домла зиёратчиларга шукроналик ҳисси, вақтнинг қадрига етиш, ибодат масалалари каби мавзуларда гўзал маърузалар қилиб берди.

Мазкур маърифий суҳбатларда зиёратчилар ўзларини қизиқтирган саволларга жавоб олдилар. Шунингдек, минглаб хатми Қуръонлар бағишланиб, хайрли дуолар қилинди. 

Бундай маърифий суҳбатлар давом этмоқда. 


Ўзбекистон мусулмонлари идораси

Матбуот хизмати

Вторник, 04 Июнь 2024 00:00

Yelkamizni jahannamga ko‘prik qilishmoqchi

Bugungi hayotimizda goh-gohida fatvo ilmini yaxshi bilmasdan fatvo berayotganlar uchrab turibdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam imom Dorimiy rivoyat qilgan hadisda: «Fatvoga jur’atli bo‘lganlaringiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir», deganlar.

Ya’ni bilib-bilmay, oxiri nima bo‘lishidan qo‘rqmasdan, havoyi jur’at qilib fatvo beraveradigan odam bu ishining oqibatida do‘zaxga kirishga jur’at qilgan bo‘ladi. Dastlabki musulmonlar avlodi fatvoning javobgarligini chuqur anglab yetganliklari tufayli, o‘zlaridan ilmliroq odam bor joyda jim turishni lozim bilganlar. Imom Navaviyning «Al-Majmu’» nomli kitobida Abdurraxmon ibn Abu Laylodan quyidagilar rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir yuz yigirma ansoriy sahobalarining har biridan masala so‘ralganida «Ana undan sura», «Ana undan sura» deb, yana avvalgisiga qaytib kelganini ko‘rdim». Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuda ilmning barcha turi yetarlicha bor edi. U kishi Alloh taoloning kitobini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini juda yaxshi bilar edilar. Shu bilan birga, bilmagan narsalarini darhol tan olar va o‘z joyida «Bilmayman», deyish bilan faxrlanar edilar. Bir kuni odamlardan biri kelib, Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan savol so‘radi. U kishi: «Bilmayman», deb javob berdilar. So‘rovchi orqasiga qaytib ketdi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu darxol qo‘llarini bir- biriga ishqab, xursand bo‘lgan hollarida: «Abdulloh ibn Umardan u bilmaydigan narsa so‘ralgan edi, «Bilmayman», dedi!» deb aytdilar. Ibn Abdul Barr «Jomi’ul ilm» kitobida Mujoxid roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan sulbdan bo‘lganlarning merosi haqida so‘raldi. Bas, u: «Bilmayman», dedi. «Unga javob berishdan seni nima to‘sadi?» dedilar. «Ibn Umardan bilmagan narsasi so‘ralgan edi, u: «Bilmayman», deb javob berdi», dedi Ibn Umar».

Ibn Abdul Barr «Jomi’ul ilm» kitobida Uqba ibn Muslimdan rivoyat qiladi: «Ibn Umarga o‘ttiz to‘rt oy hamsuhbat bo‘ldim. Undan savol so‘ralganda ko‘pincha «Bilmayman», der edi-da, so‘ngra menga qarab: «Anavilar nimani istashini bildingmi? Ular bizning yelkamizni jahannamga ko‘prik qilishmoqchi», der edi». Ibn Sa’d Nofe’ roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Bir odam Ibn Umardan masala suradi, U kishi boshini egib, javob bermay jim qoldi. Odamlar so‘rovni eshitmadi shekilli, deb o‘ylashdi. Haligi odam unga: «Alloh, senga rahm qilsin, so‘rovimni eshitmadingmi?» dedi. «Eshitdim, ammo sizlar so‘ragan narsangiz haqida Alloh bizni so‘roqqa tutmaydi, deb o‘ylaysizlar shekilli. Alloh seni rahm qilsin, bizni tek qo‘yib tur. Masalani fahmlab olaylik. Agar bizda unga javob bo‘lsa, beramiz, bo‘lmasa, bilmasligimizni aytamiz», dedi».

Sufyon va Sahnundan rivoyat qilinadi: «Odamlarning fatvoga jur’atlirog‘i eng ilmsizdir. Olim kishi fatvo berish haybatidan qo‘rqib turadi. Agar hukm Qur’on va Sunnatda hamda ijmoda ravshan kelgan bo‘lsa, uni aytishga jur’at qiladi. Ammo hukm haqida turli gaplar aytilgan yoki maxfiyroq bo‘lsa, yaxshilab, chuqur o‘rganadi va ravshan bo‘lmagan narsani aytmaydi».

Imom Molikdan gohida ellikta masala so‘ralganida birortasiga ham javob bermagan paytlari bo‘lgan. U kishi: “Javob beruvchi undan oldin o‘zini jannatga va do‘zaxga solib ko‘rsin, xalos bo‘lishga ko‘zi yetsa, javob bersin”, der edilar. Shu tarzda “Bilmayman” deyish – ilmning yarmi” degan islomiy qoida paydo bo‘ldi. Hanafiy mazhabi bo‘yicha fatvo beruvchi kishi kimning gapiga ko‘ra fatvo berayotganini yaxshi bilishi, so‘zi olinayotgan faqihning nasl-nasabi, ilm-ma’rifati, fiqhiy salohiyati hamda mazhabdagi o‘rni kabi ma’lumotlarni yaxshi bilishi zarur. Shundagina muftiy sahihni zaifdan, ustun hukmni kuchsizdan ajrata oladi.

Javohir MAHMUDJONOV,

Toshkent Islom instituti talabasi.

Вторник, 04 Июнь 2024 00:00

Dunyodan zohid olim - Muhammad Zohid Kavsariy

Muhammad Zohid Kavsariy 1879 yil 16 sentyabrda Turkiyaning Duzja viloyati Hojihasan qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning kelib chiqishi cherkes oilasiga mansub bo‘lgan. Otasi Hasan Hilmiy afandi 1831-yil Kavkazning Shabzarida tug‘ilgan bo‘lib, mudarris sifatida faoliyat ko‘rsatgan. U 1863-yilda Kavkazning Chor imperiyasi tomonidan bosib olinishi natijasida oilasi va talabalari bilan birgalikda Duzja viloyatiga ko‘chib o‘tib, u yerda o‘z nomiga qo‘yilgan Hojihasan qishlog‘iga joylashgan. U yerda naqshbandiya tariqati xalifalaridan shayx Davlatga qo‘l berib, o‘zi ham 1865-yilda xalifalik rutbasiga erishgan. 1867-yildan Hojihasan qishlog‘idagi madrasada ish faoliyatini boshlagan. 1870-yilda Istanbul shahriga borib, u yerda Ahmad Ziyovuddin Kumushxonaviyning darslarida qatnashib, undan “Daloil al-xayrot” asari bo‘yicha ijoza olgan. Keyingi yil esa Hijozga borib, u yerda naqshiy shayxlaridan Muso Makkiy bilan uchrashib, undan xilofat ijozasini olgan. Duzjaga qaytib kelgach, Hasan Hilmiy afandi madrasada talabalarga dars berish bilan shug‘ullanib, 1926-yilda, qariyb yuz yoshda vafot etgan.

Zohid Kavsariy dastlabki ilmni otasidan olgan. So‘ngra Duzjadagi Rushdiya maktabida muftiy Husayn Vajih afandi qo‘lida davom ettirgan. 1893-yil Istanbulga borib, u yerda Qoziaskar Hasan afandi Dorul hadis madrasasida ta’lim olgan. U madrasa hamda Fotih masjidida tashkil etilgan ko‘plab ilmiy majlislarda ishtirok etgan. Kavsariyning ta’kidlashicha, uning ilmiy qarashlarining shakllanishida Ali Zaynulobidin afandi va Ibrohim Haqqi afandilarning ta’siri katta bo‘lgan. U Istanbulda o‘n yil ta’lim olib, 1904-yil madrasani tamomlagan, 1906-yil esa darsiom unvoniga erishgan.

Zohid Kavsariy Fotih masjidida mudarrislik faoliyati davomida madrasalarni isloh qilish uchun tuzilgan komissiya tarkibiga kiritilgan. U Kastamonu shahrida ochilgan yangi madrasada ham uch yil xizmat qilgan. Kavsariy birinchi jahon urushidan keyin Sulaymoniyada madrasatul mutaxassisin mudarrisligiga tayinlangan.

1919-yil shayxulislom vakilligi maqomi bo‘lgan dars vakolati lavozimiga tayinlangan, biroq bir muddat o‘tib ushbu vazifadan ozod etilgan.

Zohid Kavsariy hayoti davomida Ittihod va Taraqqiy jamiyatiga mansub davlat, siyosat va fikr odamlariga muxolif bo‘lib yashagan. U 1922-yilda o‘zini ozodlikdan mahrum etish haqida qaror chiqarilganini eshitgach, Misrga yo‘l oldi. Avval Iskandariyaga, so‘ngra Qohiraga o‘tdi. Iskandariyadan Bayrutga, u yerdan Shomga bordi. Shomda Dorul kutub az-Zohiriya kutubxonasida qo‘lyozma asarlar ustida tadqiqotlar olib bordi.

1926-yil Qohiraga qaytib, al-Azharda tahsil oladigan turk talabalari yashaydigan Taqiyyat al-Atrok Abu az-Zahab nomli takkada istiqomat qila boshladi.

1928-yil ilmiy talabida ikkinchi bor Shomga safar qilgan bo‘lsa-da, u yerda o‘ziga munosib davra topa olmay, keyingi yil yana Qohiraga qaytdi. Qohirada Dijviy, Muhammad ibn Ja’far Kattoniy va Ahmad Rafi’ Tahtoviy kabi olimlardan islom ilmlari bo‘yicha ijoza oldi. Biror daromad manbai bo‘lmagani sababli moddiy qiyinchiliklarga duch kelishiga qaramay, taklif etilgan yordamlarni qabul qilmagan. Turkcha hujjatlarni arab tiliga tarjima qilish maqsadida Dor al-muhofazat al-Misriya idorasi tomonidan o‘tkazilgan imtihondan muvaffaqiyatli o‘tib, maosh olib ishlay boshladi. Bu orada oilasini Istanbuldan olib keltirdi. U Istanbulda ekan vaqtida o‘g‘li va bir qizi vafot etgan bo‘lib, Qohiraga ayoli va ikki qizi keldi. Qizlaridan Saniha 1934-yilda, Maliha esa 1947-yilda Qohirada vafot etdi.

Kavsariy Qohirada yashagan vaqtida bir tomondan o‘z uyini madrasaga aylantirib, talaba yetishtirgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan ko‘plab islom ilmlariga oid asarlarning ilmiy nashrini amalga oshirish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Asosan Misr, Yaman, Hindiston, Pokiston, Indoneziya, Malayziya, Suriya, Iroq va Turkiya mamlakatlaridan kelgan talabalarga ijoza berdi. Abdulhamid Kutubiy Misriy, Ahmad Avang Husayn, Alasoniyalik Jamol O‘gut, Abdulfattoh Abu G‘udda, Ahmad Hayri Posho, Muhammad Rashod Abdulmuttalib, Abul Fazl ibn Siddiq, Ali Ulviy Kuruju, Mehmed Ehson Afandi, Mustafo Runyun va Muhammad Husayn uning shogirdlaridan hisoblanadilar.

Shu orada Misrdagi reformistik harakatlarga qarshi kayfiyatda bo‘lgani sababli uni mamlakatdan chiqarib yuborishga urinishlar kuzatilgan bo‘lsa-da, shayx Abdulmajid Sinduniy va bir muddat vaqf ishlari vaziri bo‘lgan al-Azhar shayxi Mustafo Abdurazzoqning aralashuvi bilan bundan qutulib qoldi. Ilmiy faoliyati va nashrlari bilan e’tibor qozongan Kavsariy Misrdagi ilm ahli orasida alohida mavqega ega bo‘ldi.

Al-Azharda o‘qigan shogirdlari vositasida Hindiston va Pokistondagi olimlar bilan aloqa o‘rnatib, keng ilmiy doira yaratdi.

1950-yil Demokratik partiyaning hokimiyat tepasiga kelishi bilan Turkiyaga qaytishni umid qilgan bo‘lsa-da, turli xastaliklar bilan ovora bo‘lib qoldi va 1952-yil 11-avgustda vatan hasratida Qohirada olamdan o‘tdi. Ortidan ayoli ham dardga chalinib, Turkiyaga qaytdi va besh yildan so‘ng u ham vafot etdi.

 

Toshkent Islom instituti talabasi

Kuldashev Bobomurot

Куни кеча Нукус шаҳридаги Муҳаммад ибн Аҳмад ал-Беруний ўрта махсус ислом таълим муассасасида “ХАТМОНА – 2024” байрам кечаси бўлиб ўтди. Маросимда Қорақалпоғистон мусулмонлари қозиёти қозиси Б.Разов, билим юрти ўқитувчи ва талабалар, ходимлари ва ота-оналар қатнашди.

Тадбир Қуръони карим тиловат ва дуолар билан бошланди. Қорақалпоғистон мусулмонлари қозиёти қозиси Б.Разов ҳам сўзга чиқиб, талабаларга келгуси фаолияти учун зарур панд-насиҳатларни бериб, уларни янги ҳаёт остонасига қадам қўйиши билан қутлади.

Шунингдек, билим юрти мудири Ж.Абдиразаков битирувчиларга кейинги фаолиятларига муваффақият тилаб, динимиз ривожи, Ватанимизимиз равнақи йўлидаги астойдил меҳнат қилиш кераклигини таъкидлади ва уларга оқ фотиҳа берди.

Тадбир давомида билим юрти раҳбарияти томонидан ўзининг намунали хулқи ва ўқиши, маънавий-маърифий тадбирларда фаол қатнашиб келган талабалар фаҳрий ёрлиқ ва қимматбаҳо совғалар билан тақдирланди.

Шу қаторда билимга чанқоқ булган талабаларнинг ота-оналарига ҳам фаҳрий ёрлиқлар топширилди. 

Ўзбекистон мусулмонлари идораси
Матбуот хизмати



Страница 23 из 265

Ушу бўлимдаги асосий материаллар Жалолиддин Нуриддиновнинг "Ҳаж ва умра қўлланмаси"дан олинди

Top