Ўзбекистон янгиликлари

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida buyuk alloma Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning "Jomi’ ahkom as-sig‘or" kitobi taqdimoti

2021-yil  22-sentabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan musulmon xuquqshunosi, Ustrushana - hozirgi Jizzaxdan yetishib chiqqan buyuk alloma Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning "Jomi’ ahkom as-sig‘or" (Bola huquqlari kodeksi) asarining o‘zbek tilidagi ilk nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimot Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan tashkil etildi. 

Unda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi olimlari, “Fan ziyosi” nashriyoti muharriri hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent moliya instituti, O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talaba va o‘qituvchilari, OAV xodimlari ishtirok etishdi.

 Mazkur asar XIII asrda yaratilgan va bola huquqlari borasidagi jahonda dastlabki mukammal manba hisoblanadi. XIX asrga qadar bu kabi maxsus to‘plam yaratilmagan. G‘arb dunyosida 1804 yilda qabul qilingan Fransuz fuqarolik kodeksida birinchi bor bolalar huquqi masalasi qayd etilgan bo‘lib, undagi jami 2281 moddaning 5 tasi bola huquqlariga tegishlidir. 1908-yilga kelib AQShda "Yuvenal huquq" - bola huquqlari bo‘yicha qonunchilikka asos solingan. Bu esa yurtimiz allomalari G‘arb dunyosidan salkam 600 yil avval o‘z asarlarida bola huquqlarini mustahkamlab qo‘yganini ilmiy asoslaydi. 

Ustrushaniy bola huquqlariga oid 1289 ta fatvoni 45 ta ustuvor masalaga bo‘lgan holda tahlil qilgan. Ushbu kitobda bolalarning axloqiy, ijtimoiy, iqtisodiy huquqlariga doir 100 ta dolzarb masala bugungi kunga mos izoh va sharhlar bilan bayon qilingan. Asar sodda va xalqchil, ravon va yuqori ilmiy saviyada yozilgani bilan ajralib turadi. Kitobni tayyorlashga Xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti mutaxassislari, mamlakatimizning yetakchi islomshunos olimlari jalb etildi.

Taqdimot tadbirida so‘zga chiqqanlar Zohidulla Munavvarov – O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, Faxriddin Muhammadiyev – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati rahbari, Muslim Atayev – Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti katta o‘qituvchisi, asar tarjimoni, Muhiddin Narziqulov – “Fan-ziyosi” nashriyoti bosh muharriri, Otabek Muhammadiyev- Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosarlari asarning muhim ijtimoiy va siyosiy tomonlariga batafsil to‘xtab o‘tishdi.

Ustrushaniy allomaning beqiyos asari so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda buyuk allomalarimiz ilmiy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan xalqaro ahamiyatga ega islohotlarning amaliy natijasi, u jamiyatimizda qaror topgan hanafiy mazhabining insonparvarlik, bag‘rikenglikka asoslangan mo‘tadil ta’limotining ahamiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Taqdimot mavzuga oid savol va javoblar bilan yakunlandi. 

 

Read 1103 times
Tagged under

Янгиликлар

Top