Ўзбекистон янгиликлари

"Vaqf" xayriya karvoni Xorazmdagi 300 oilaga quvonch ulashdi

O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har jihatdan qo'llab-quvvatlash maqsadida bir qator xayriya tadbirlarini oʻtkazib kelmoqda.

Maʼlumki, bu kabi tadbirlar 2023 yilning so‘nggi oylarida Fargʻona, Jizzax va Andijon viloyatlarida ko‘tarinki ruhda tashkil etilib, koʻplab ehtiyojmand oilalarga shodlik ulashildi. Kam taʼminlangan oilalarga xayriyalar tarqatildi.

Xayriya karvonining navbatdagi manzili bo'lgan Xorazm viloyatida Fond va homiylar tomonidan yig‘ilgan turli zarur oziq-ovqat mahsulotlari, qishki kiyim-kechak, koʻmir, turli oʻyinchoq, kitob, velosiped, katta va kichik maishiy texnika va boshqa xayriyalar o‘z egalariga topshirilmoqda. Bunda ezgulik elchilari viloyatning chekka hududlarida istiqomat qiluvchi kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, ijtimoiy va moddiy yordamga muhtoj boʻlgan 300 tadan ortiq xonadonga borib quvonch ulashadi.
 
Ehson qiling! Zero, ehsonning mukofoti faqat ehsondir!

O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Read 935 times

Янгиликлар

Top