Мақолалар

Alloh seni razolatdan qutqarsin!

6. Yer o’parsen rizq uchun
minnat yukidin xam bo’lub,
Tengri yoringkim, qilibsen
xush namoze ixtiro.

Rizq uchun bo’lib, biror rizqi ro’z qo’limga kirsin deb, minnat yukidan, ya’ni tashakkur bildirish uchun hamda bir ne’matga erishish uchun boylarga, puldorlarga egilib, yer o’pasan! Tangri yoring bo’lsin, O’zi yordam berib, seni bu razolatdan qutqarsinki, sen g’aroyib namoz ixtiro qilibsan. Odamlar namozda egilib, ruku’ bilan Аlloh taologa ta’zim qilsa, sen egilib, yer o’pib, puldor, moldor olamlarga ta’zim qiladigan bo’libsan.

“Tengri yoringkim” degani – “Аlloh taolo yoru madadkoring bo’la turib” degan ma’nodadir. Yana: “Аlloh O’zi yoring bo’lib, seni odamlarga egilib ta’zim qilishdan qutqarsin”, degan ma’nodadir.

Boshqa bir g’azalda hazrat Navoiy bunday deydilar: “Bilurki, ro’ziy anga Haq berur, o’zidekning Bo’lur chu bandasi, bois erur razolat anga”. Ya’ni: “Inson biladiki, darhaqiqat, rizqu ro’zni berguvchi Haq taolodir. U yana o’zidek bir qulning quli bo’lib, o’z-o’zini xor qiladi. Bunga uning razolati – pastkashligi, tubanligi sababdir”.

Bu g’azalda ham “qilibsen xush namoze ixtiro’”, ya’ni: “ajablanarli namoz ixtiro qilibsan”. Deya qullarga qullik qiluvchi, bandalarga bandalik qiluvchi insonlarni ogohlantirmoqda.

Baytdan chiqadigan xulosa shuki, rizqni boshqadan kutish shirkdir, Аllohdan boshqaga qullik qilishdir. Tama haromdir, chunki bu Аllohdan boshqasidan bir narsani umid qilishdir. Rizq Аllohdan ekaniga qat’iy iymon keltirgan holda insonlar orasida bo’ladigan muomalalar bunga kirmaydi.

Mirzo Kenjabek,
“Navoiy muhabbati” kitobidan.

Read 2476 times

Мақолалар

Top