Мақолалар

Nafsing xohishlari qulogʼingni kar qilib qoʼymasin!

7. Dur qulogʼingda momuqdin
bir chigitdur, el soʼzin
Bu momuq birla chigitdin
aylamassen istimoʼ.

Istimoʼ – eshitish, tinglash, quloq solish. Аylamassen istimoʼ – eshitmaysan, quloq solmaysan.

“Dur – qulogʼingda momiqdan yasalgan bir chigitdir, yaʼni chigitsiz paxtadan chigit yasab, qulogʼingga tiqib olgansan, shuning uchun bu paxtadan yasalgan chigit sababli xalqning, odamlarning soʼzini eshitmaysan, ularning taʼna malomatiga ham, nasihatlariga ham qulogʼingni kar qilib olgansan”.

Bu oʼrinda boylik nishonasi boʼlgan dur, inju va marvarid momiqdan qilingan chigitga oʼxshatilmoqda. Odatda, odamlar biror gapni eshitmaydigan yoki gapga quloq solmaydigan kimsaga: “Qulogʼingga paxta tiqib olganmisan!” – deydi.
Hazrat Navoiy ana shu hayotiy voqeaga ishorat qilib: “Nafsing xohishlari va razolati qulogʼingni kar qilib qoʼyibdi, xalqning soʼziga loqayd boʼlib qolibsan”, degan maʼnoni ifoda etmoqdalar.

Mirzo Kenjabek,
“Navoiy muhabbati”
kitobidan.

Read 1771 times

Мақолалар

Top