Мақолалар

Tinchlikning qadriga yetib, shukrini ado eting

ULUG‘ NE’MAT

So‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotni erkinlashtirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, siyosiy huquq va erkinliklarni ta’minlash, demokratiya va qonuniylikni qaror toptirish, ijtimoiy muhofaza va aholining salomatligini asrash, ilm-fan va ta’lim-tarbiya, madaniyat va diniy-ma’rifat, shaharsozlik va qurilish, san’at va sport kabi sohalarda erishilgan ulkan yutuqlar, xalqaro hamjamiyat va nufuzli tashkilotlar bu boradagi e’tirofi har bir yurtdoshimiz qalbini faxr va g‘ururga to‘ldirmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan turli dinlarga mansub qadriyatlarni avaylab-asrash, barcha fuqarolarga vijdon erkinligi va o‘z e’tiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratib berish, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib, ushbu yo‘nalishda boshqa davlatlarga namuna bo‘ladigan boy tajriba orttirildi. Mazkur yo‘nalishlarda ko‘plab huquqiy hujjatlar qabul qilinib, hayotga joriy qilindi.

Hech shubhasiz, yurtimizda turli sohalarda erishilayotgan yutuqlar, tarixiy natijalar zamirida jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik yotibdi. Tarixiy haqiqat shundan iboratki, ijtimoiy taraqqiyotning barcha davrlarida davlat va jamiyat rivojlanishi barqarorlik va tinch-osoyishta hayot kechirishga uzviy bog‘liq bo‘lgan.

Ma’lumki, islom dinida tinchlik Alloh taolo tomonidan butun insoniyatga in’om etilgan ulug‘ ne’mat sifatida qadrlanadi. Ulamolar Qur’oni karimning 50 dan ziyod surasidagi oyatlar mo‘minlik, tinchlik va bag‘rikenglik mavzulariga bag‘ishlanganini e’tirof etadi. Jumladan, Qur’oni karimda bayon qilinadiki: “Ey imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara surasi, 208-oyat).

Tinchlikning ilohiy ne’mat ekani Muhammad alayhissalomning quyidagi hadislarida ham qayd etilgan: “Allohdan afv va tinchlik-omonlikni so‘ranglar. Chunki biror kishiga imondan keyin tinchlik-omonlikdan afzalroq ne’mat berilgani yo‘q” (“Sunani Termiziy”, 3558-hadis).

O‘zbekiston azaldan turli millatga mansub, turli dinlarga e’tiqod qiluvchi xalqlar tinch-totuv yashagan o‘lka bo‘lib kelgani tarixiy haqiqat. Ajdodlarimiz turli millat va din vakillariga doimo hurmat bilan munosabatda bo‘lgani, el-yurt taraqqiyoti yo‘lida yelkadosh bo‘lib mehnat qilgani tarixiy manbalarda ko‘p qayd etilgan. Bugungi kunda Vatanimizda 130 dan ziyod millat, 16 konfessiyaga mansub fuqarolar yagona va ahil oila bo‘lib, tinchlik-xotirjamlikda, yurtimiz mustaqilligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida hamjihat faoliyat olib bormoqda. 

Taassufki, bugun jahon hamjamiyati, xususan, musulmon olamida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechayotir. Insoniyat muayyan siyosiy doiralar tomonidan o‘z ta’sir doiralarini kengaytirish maqsadida amalga oshirayotgan g‘oyaviy kurashlar va mafkuraviy tahdidlar avj olgan bir vaziyatda yashayapti. Qator davlatlar, xususan, musulmon yurtlari o‘tkir siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli nizolarni boshidan o‘tkazmoqda. Mazkur mamlakatlarda odamlar og‘ir iqtisodiy muammolar girdobida, nochorlik, oziq-ovqat tanqisligi, ochiqdan-ochiq zo‘ravonliklar va xavfli bir sharoitda kun kechirmoqda. Oqibatda bunday hududlardan qochqinlar soni ortib, keng miqyosda gumanitar tangliklar yuzaga kelmoqda.

Darhaqiqat, Payg‘ambar alayhissalomning “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug‘ ne’matdurki, bundan ko‘p odamlar mahrumdirlar” (Imom Buxoriy, 6412-hadis) degan hadislarini eslagan holda, bugungi kunda yurtimizdagi tinch-osoyishta hayot qator mamlakatlarning xalqlari uchun orzu bo‘lib qolayotgani guvohi bo‘lmoqdamiz.

Ushbu holat dunyo davlatlarining katta yoki kichikligi, dini va millatidan qat’i nazar, tinchlik va barqarorlik naqadar aziz ne’mat ekanini yana bir bor isbotlab bermoqda. Shu o‘rinda Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisni eslash o‘rinlidir: “Kim oilasi tinch, tanasi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to‘lig‘icha berilibdi” (“Sunani Termiziy”, 2346-hadis).

Ta’kidlash joizki, ijtimoiy barqarorlik jamiyat hayotining osoyishtaligi bilan tavsiflanadi. Barqarorlikka tinch-totuvlik va uni mustahkamlash uchun shart-sharoit yaratish, turli ijtimoiy qatlamga mansub fuqarolar va siyosiy partiyalar o‘rtasidagi hamjihatlikni, davlat, jamoat va diniy tashkilotlar, fuqarolar o‘rtasidagi ijtimoiy kelishuv va sherikchilik bardavomligini ta’minlash orqali erishiladi. 

Aksincha, xalq orasida buzg‘unchilik g‘oyalarini tarqatish orqali beqarorlik keltirib chiqarish esa tinchlik va xotirjamlikni izdan chiqaradi. Islom ta’limotida aholi osuda hayot kechirib turgan jamiyatda halovat va tinchlikka raxna soladigan har qanday fitna harakatlari odamlarning qonini to‘kishdan ham og‘ir gunoh sanaladi: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo‘lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo‘ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo‘yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir” (“Anfol” surasi, 25-oyat).

Islom ulamolari Qur’oni karimda tinchlikka, odamlarning osoyishtaligi va xavfsizligiga raxna soluvchi amallarni qilmaslik buyurilganini ta’kidlaydilar: “... Alloh esa, fasodni (buzg‘unchilikni) yoqtirmaydi” (Baqara surasi, 205-oyat). Mazkur suraning 60-oyatida: “... Allohning rizqidan yeb-ichingiz, Yer yuzida buzg‘unchilik qilmangiz!..”, deb marhamat qilingan. 

Shuningdek, islom ta’limoti odamlarni millati, dini, jinsi yoki qarashlaridan qat’i nazar, huquq va erkinliklarini himoya qiladi hamda ularga zulm qilishdan qaytaradi. Qur’oni karimda: “...biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni ularga nisbatan adolatsizlik qilishga undamasin!..” (“Moida” surasi, 8-oyat) deyilgan.

Tinchlikni saqlash hushyorlik va ogohlikni talab qiladi. Bugungi tahlikali zamon tinchlikni ta’minlash faqat davlatning vakolatli idoralari vazifasi degan noto‘g‘ri tushunchalardan voz kechish, Vatan taqdiri uchun astoydil qayg‘urib yashashni taqozo etayotganiga barchamiz guvohmiz. 

Alohida qayd etish lozimki, tinchlikning shukronasi amaliy bo‘lishi lozim. Ya’ni, insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga yetib, shukrini ado etishi, balki unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishi, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan notinchlikning oldini olishda ham faol ishtirok etishlari lozim. 

Ayniqsa, axborot manbalari, xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali tariximizni, milliy qadriyatlarimiz va Islom dini mohiyatini soxtalashtirishga, ma’naviyat va ma’rifatdan yiroqlashtirishga qaratilgan g‘arazli urinishlarga qat’iy qarshi turishimiz lozim. Mazkur yo‘nalishda jamiyatning ziyoli qatlamlari, olim va ulamolar oldingi safda bo‘lishlari lozim.

Vatanparvarlik ota-bobolardan meros qolgan zaminni sevish, xalq urf-odatlarini, qadriyatlarini asrash va rivojlantirish, o‘z ona Vatanini dushmanlardan, yot va begona g‘oyalardan himoya qilish, uning ozodligi va mustaqilligi uchun jonini ham ayamaslikni nazarda tutadi. Ulamolarimiz vatanparvarlik oddiy shior yoki his-tuyg‘u emasligi, balki uni quyidagi xayrli amal va ibratli ishlarda ifoda etish lozim ekanini ta’kidlaydi:

– Vatan haqqiga bor yaxshiliklarni tilab duo qilish; 

– jamiyatda ahillikni kuchaytirish yo‘lida harakat qilish (silai rahm, qo‘shnilarga yaxshilik, o‘zaro yordam, bir-biriga yaxshilikni sog‘inish, salbiy axloq va ijtimoiy illatlardan saqlanish va h.k.);

– Vatan salohiyatini oshirish va uni muhofazasi uchun jonkuyarlik qilish (Vatan mulkini avaylab-asrash, uning yuksalishi uchun halol mehnat qilish, o‘zini bag‘ishlash, bu yo‘lda ta’mani yaqinlashtirmaslik va h.k.);

– Vatan erki, hududi yoki obro‘siga qarshi g‘oyaviy yoki harbiy hujumga qarshi mudofaada turish.

Vatan oiladan boshlanadi. Oilada tinchlik bo‘lsa, mahalla, qishloq, shahar, viloyat va nihoyat mamlakatda osoyishtalik bo‘ladi, yurt ravnaq topadi. Masalaning e’tiborli jihatlaridan biri shuki, tinchlikni ulug‘ ne’mat deb e’lon qilgan dinimizda bu yo‘lda nafaqat amal bilan, balki so‘z bilan ham zarar keltirishdan qaytarilgan.

Shu nuqtai nazardan, fuqarolarimiz yurtimizda tinchlik-xotirjamlikni asrab-avaylash yo‘lida davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan sa’yharakatlarni nafaqat to‘g‘ri qabul qilishlari, balki e’tiqodan qo‘llab-quvvatlashlari hamda bor imkoniyatlari bilan yordam berishlari lozim. Tahdidlarning oldini olishga qaratilgan mana shunday chora-tadbirlar hisobiga yurtimiz tinch, xalqimiz farovon yashab, dindorlarimiz ibodatlarini xotirjamlik va emin-erkinlikda ado etmoqda.

Bugungi tahlikali zamonning o‘zi voqelikka hushyorlik, teran va chuqur mushohada yuritgan holda nazar tashlashni, jahonda kuchayib borayotgan xatarlarni to‘g‘ri baholab, ulardan tegishli saboq olib yashashni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan, vatandoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning ongi va shuurida murakkab va tahlikali dunyo va mintaqada ro‘y berayotgan turli voqea-hodisalar, ijtimoiysiyosiy jarayonlar haqida biryoqlama va noxolis tasavvur shakllanishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur sanaladi.

Yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotni asrash, qadriyatlarimiz, milliy-diniy an’analarimiz, mentalitetimizga zid tushuncha va g‘oyalar kirib kelishining oldini olish barcha fuqarolarimizning burchi hisoblanadi. Ayniqsa, har bir fuqaro yoshlarimiz ongiga, birinchi navbatda, ona Vatani va oilasi oldidagi mas’uliyatni singdirishga, ularni insonparvarlik, vatanparvarlik va mamlakatimizga sadoqat ruhida tarbiyalashga ustuvor vazifa sifatida qarashi kerak.

Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ta’kidlaganidek: “Ma’naviy uyg‘oq jamiyatni, o‘z oldiga ulkan vazifalar qo‘yib, kelajak sari ishonch bilan borayotgan xalqni hech kim o‘z yo‘lidan to‘xtata olmaydi. Bunday xalqni Yaratganimiz ham qo‘llab-quvvatlaydi, doimo yo‘lini ochib beradi”.

 

Homidjon ISHMATBEKOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022-yil 2-mart, 44-son

Read 3384 times
Tagged under

Мақолалар

Top