Ўзбекистон янгиликлари

BMT minbaridan yangragan global muammolar va aniq yechimlar

MUNOSABAT

Davlatimiz rahbari shu yilning 19-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq soʻzlab, jumladan, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi birgalikda kurashish masalasini koʻtardi. Jahon jamoatchiligi diqqatini oʻta dolzarb muammolar yechimiga qaratib, bu borada aniq takliflarni ilgari surdi.

Eng muhimi, davlatimiz rahbari ekstremizm balosi tarqalishiga, yoshlar radikallashuviga yoʻl qoʻymaslik uchun birgalikda harakatlar olib borishning asosiy tashabbuskorlaridan biri boʻlib kelyapti. Jumladan, Prezidentimiz oʻz nutqida oʻtgan yili mart oyida Toshkentda BMT ning terrorizmga qarshi global strategiyasini Markaziy Osiyoda amalga oshirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasi qabul qilinganini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Milliy strategiyasida ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish alohida eʼtibor qilinadigan masala hisoblanadi. Bizda ilgari ekstremizm gʻoyalari taʼsirida boʻlgan shaxslarni sogʻlom hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirish siyosati izchil olib borilmoqda. “Biz bu borada oʻziga xos tajriba orttirdik, – dedi Shavkat Mirziyoyev, – besh marta “Mehr” insonparvarlik missiyasini oʻtkazdik. Uning doirasida 530 nafardan ziyod fuqarolar, avvalo, ayollar va bolalarni Yaqin Sharq va Afgʻonistondagi qurolli nizolar hududlaridan yurtimizga qaytardik. Ularning barchasiga tibbiy, psixologik, ijtimoiy va boshqa yordamlar koʻrsatildi. Xalqaro jamoatchilik joriy yilning iyun oyida mana shu yerda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida mamlakatimizga olib kelingan va yangi hayot boshlagan shaxslarning tarixini ularning oʻzlaridan eshitdi”

Davlatimiz rahbari bu yoʻnalishdagi harakatlarni davom ettirish va doimiy tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish uchun BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida urush hududlaridan qaytganlar bilan tizimli ishlash boʻyicha Mintaqaviy ekspertlar kengashi tuzish zarurligini taʼkidlar ekan, bu borada amaliy qadamlar tashlanganini qayd etdi: “Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo davlatlar xalqaro terrorizm kabi umumiy tahdidlarga qarshi kurashda yanada birlashib, harakat qilishlari kerak”.

Islom Arabiston yarim orolida yuzaga kelgan boʻlsa ham, buyuk ajdodlarimiz muqaddas dinimiz ravnaqiga ulkan hissa qoʻshgan. Oʻtgan asrlarda ham xalqaro miqyosdagi islomiy muammolar xalqimiz vakillari ishtirokida hal etib kelingan. Qurʼoni karimdan keyingi muqaddas manba hisoblanmish “Sahihi Buxoriy” toʻplamini tilga olishning oʻziyoq fikrimizga yorqin dalil boʻla oladi. 

Shuning uchun keyingi yillarda islom dini bilan bogʻliq global masalalar yechimida Oʻzbekiston oʻz ovoziga ega boʻlib borayotgani hech ham tasodifiy emas. Prezidentimiz faqat yurtimiz, yo Markaziy Osiyo mintaqasi emas, balki butun jahon miqyosida kechayotgan jarayonlarga nisbatan Oʻzbekiston pozitsiyasini bildirdi: “Soʻnggi paytlarda ayrim mamlakatlarda koʻzga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi, deb hisoblaymiz”. Shundan kelib chiqqan holda, muammoning yechimi sifatida aniq taklif ham oʻrtaga tashlandi: “Jahon miqyosida dinlararo bagʻrikenglik va hamjihatlik, gʻoyalarini keng targʻib etish maqsadida Oʻzbekistonda UNESСO shafeligida Dinlararo muloqot va bagʻrikenglik xalqaro markazini tashkil etishni taklif qilamiz”.

Bizningcha, Dinlararo muloqot va bagʻrikenglik xalqaro markazi dunyo hamjamiyati oldida turgan oʻta jiddiy muammoni, yaʼni milliy va diniy tolerantlikni saqlash masalalarini hal etishda ijtimoiy institut vazifasini bajaradi. 

Davlatimiz rahbari, shuningdek, diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan, islomni ilm-maʼrifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy singari ulugʻ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanishimizni taʼkidlar ekan: “Shunday buyuk olimlarning boy merosini oʻrganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024-yil Oʻzbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusini ilgari suramiz”, dedi. 

Mazkur xalqaro konferensiyaning oʻtkazilishi ham islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishga xizmat qilishiga aminmiz. Binobarin, islom dini odamlarni, barcha millat va xalqlarni hamisha nurli hayotga, ezgulik, oʻzaro doʻstlik va insoniylikka daʼvat etadi, jahon ahlini bir maqsad yoʻlida – jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishda oʻzaro hamkor boʻlishga chorlaydi.

Har bir davlat yoki jamiyat maʼnaviy va moddiy taraqqiyotida milliy tarix, madaniyat, intellektual mulk muhim oʻrin tutadi. Oʻzbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlarning jahon ilm-fani, madaniyati, muqaddas islom dini rivojiga qoʻshgan bebaho hissasi dunyo jamoatchiligi tomonidan tan olingan. Xususan, “Musulmon Renessansi” deb nom olgan IX-XII asrlardagi Birinchi Sharq Uygʻonish davri, shuningdek, Ikkinchi Sharq Renessansi yaʼni XIV-XVI asrlardagi “Temuriylar Renessansi”, undan keyingi zamonlarda ajdodlarimizning ilm-fan, adabiyot, sanʼat, madaniyat sohalarida qoldirgan mislsiz merosi bunga yaqqol dalil boʻladi. 

Jumladan, IX-XI asrlarda Xorazmda tashkil etilgan Maʼmun akademiyasi va “Bayt ul-hikma”, yaʼni “Donishmandlik uyi” degan nom bilan shuhrat qozongan Bagʻdod akademiyasida, XV asrda Samarqandda shakllangan Mirzo Ulugʻbek ilmiy maktabida samarali mehnat qilgan olimlar, oʻtmishda yurtimizda islom dinining mazmun-mohiyatini chuqur tadqiq va targʻib etish boʻyicha betakror asarlar yaratgan ulamolarimiz butun dunyoga dong taratgan. Aynan oʻrta asrlarning ilk davridagi buyuk ilmiy gʻoya va kashfiyotlar natijasida matematika, astronomiya, fizika, kimyo, geodeziya, farmakologiya, tibbiyot kabi aniq fanlar bilan birga, tarix, geografiya, falsafa, madaniyat, sanʼat, arxitektura sohalarida ajdodlarimiz tomonidan amalga oshirilgan ishlar nafaqat Sharq, balki butun jahon ilm-fani va sivilizatsiyasiga ulkan taʼsir koʻrsatdi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, hozirda butun maʼrifatli dunyoni hayratga solib kelayotgan bu boy ilmiy meros faqat bir millat yoki xalqninggina emas, balki butun bashariyatning maʼnaviy mulki sifatida xizmat qilib kelmoqda. Chunki bu alloma va mutafakkirlar hamisha ilm-fan ravnaqi yoʻlidagi masʼuliyatini chuqur his qilgan holda, insonparvarlik, tinchlik va maʼrifat gʻoyalariga sodiq qolib, buni oʻzlarining bashariyat oldidagi insoniy burch va vazifalari deb bilgan. 

Ulugʻ ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ushbu bebaho boylik bundan buyon ham yangi-yangi avlodlar uchun donishmandlik va bilim manbai, eng muhimi, boʻlajak kashfiyotlar uchun mustahkam zamin boʻlib xizmat qilishi shubhasiz. 

Bugungi kunda mamlakatimiz kitob fondlarida saqlanayotgan 100 mingdan ziyod qoʻlyozma asarlarning asosiy qismi UNESСOning madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan. Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati haqida yaxlit tasavvur uygʻotish, ular bilan aholimiz va jahon jamoatchiligini keng tanishtirish, xalqaro miqyosda dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni yoʻlga qoʻyish, inson qalbi va ongini egallash uchun turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bugungi murakkab davrda islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish, yosh avlodni gumanistik gʻoyalar, milliy gʻurur va iftixor ruhida tarbiyalash jamiyatimiz oldidagi dolzarb vazifalardan hisoblanadi. 

Jahonda odamlarning ong va qalbini egallash uchun juda tezlik bilan kechayotgan kurashda yengilmaslik uchun biz ularga milliy maʼnaviyatimiz va milliy mafkuramizni qarshi qoʻyishimiz, fuqarolar, xususan, yoshlarda mafkuraviy immunitetni kuchaytirishimiz kerak. 

Bu borada bizga yaqinda imzolangan, jami 100 maqsaddan iborat “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi hamda Prezidentimizning BMT minbarida soʻzlagan nutqi dasturulamal boʻladi, albatta.

Shoazim MINOVAROV,

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 23-sentabr, 194-son

Read 670 times

Янгиликлар

Top