Мақолалар

Bag‘rikenglik – azaliy qadriyat

Dunyoda globallashuv jarayoni shiddatli tus olgan bugungi kunda turli madaniyat va dinga mansub xalqlar o‘rtasida o‘zaro muloqot va hamkorlikni rivojlantirish dolzarb ahamiyatga ega.

Zero, bugun yakka shaxs yoki alohida millat va davlatning o‘z qobig‘idan chiqmasdan taraqqiy etishi tasavvurga sig‘maydi. Bunda esa, avvalo, bag‘rikenglik tamoyili ustuvor bo‘lmog‘i zarur. O‘z navbatida, mazkur tamoyilning qaror topishi har qanday davlatning tinch, osoyishta va farovon hayotiga ham kafolatdir.

Prezidentimiz 2017-yil 19-sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida jahon hamjamiyati oldida turgan dolzarb masalalar haqida to‘xtalar ekan, “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish taklifini ilgari surgan edi. 2018-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasi 51-yig‘ilishida mazkur rezolyutsiya 193 ta a’zo mamlakat tomonidan yakdillik bilan qabul qilindi.

“Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasining aynan O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilishida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Bugun millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash borasida O‘zbekiston namunasi jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilmoqda.

Darhaqiqat, O‘zbekiston zaminida azaldan islom dini bilan yonma-yon boshqa dinlar, madaniyatlar ham yashab, rivojlanib kelgan. Asrlar davomida yirik shaharlarimizda masjid, cherkov va sinagogalar mavjud bo‘lgani, turli millat va dinga mansub qavmlarning o‘z diniy amallarini erkin ado etib kelayotgani buning tasdig‘idir. Tariximizning eng murakkab, og‘ir davrlarida ham ular o‘rtasida diniy asosda mojarolar bo‘lmagani xalqimizning diniy bag‘rikenglik borasida katta tajriba to‘plaganidan dalolat beradi.

Yurtimizda bag‘rikenglik va murosaning ildizlari uzoq asrlarga borib taqaladi. Mamlakatimiz hududida faoliyat ko‘rsatgan turli dinlar madaniyati bo‘yicha izlanishlar qilgan yapon olimi Kyudzo Katoning ta’kidlashicha, Surxondaryo vohasidagi noyob budda madaniyati va yahudiy yodgorliklari, Buxorodagi nasroniylar ziyoratgohlari yurtimizdagi islom obidalari bilan bir qatorda turishi hech kimni ajablantirmaydi.

Jahondagi dinlarning barchasi ezgulik g‘oyalariga asoslanadi va yaxshilik, tinchlik, do‘stlik kabi xususiyatlarga tayanadi. Din odamlarni halollik va poklik, mehr-shafqat, birodarlik va bag‘rikenglikka da’vat etadi. Aksariyat dinlar bu dunyoni foniy, o‘tkinchi deb hisoblaydi. Ular insonning yashashdan asl maqsadi bu dunyoda xayrli, savob ishlar qilish, degan g‘oyani targ‘ib etadi. Barcha dinlarda inson hayotining mohiyati, mazmuni, kishilar o‘rtasidagi siyosiy-huquqiy, axloqiy munosabatlarni tenglik va adolat mezonlari asosida o‘rnatish o‘z aksini topgan. Xususan, yahudiylar jamoasi vakillaridan biri R.Bensman shu haqda to‘xtalar ekan, Bu xoroda dastlabki sinagoga VIII asrdayoq qurilgani, boshqa din vakillari bilan bir qatorda o‘z dinlariga erkin e’tiqod qilish uchun o‘sha paytda ham sharoit yaratib berilganini ta’kidlab: “O‘rta asr Yevropasi va Vizantiya imperiyasidan quvg‘in qilingan yahudiylik Markaziy Osiyoda boshqa dinlar bilan bir xil huquqqa ega edi”, deb yozadi.

Shu o‘rinda arxiyepiskop Vladimirning fikrlarini ham keltirish joiz deb bildik: “XIX asrda Rossiyaning markaziy mintaqalaridan majburlab ko‘chirilgan dehqonlar nochor ahvolga tushib qolganda mahalliy aholi ularga har tomonlama yordam ko‘rsatgan. O‘sha davr voqealarini ko‘rgan iyeromonax Xariton “...Mahalliy aholi nochor ko‘chmanchilarga rahmdillik bilan munosabatda bo‘ldilar, busiz ularning ko‘pchiligi ochlik va muhtojlikdan o‘lib ketgan bo‘lar edilar”, deb guvohlik bergan”.

Turkiston yerlariga kirib kelgan rus pravoslav ruhoniylari asosiy e’tiborni missionerlik faoliyatiga emas, balki o‘z jamoalarining diniy ehtiyojlarini qondirishga qaratgan. Pravoslavlar cherkov qurganida mahalliy musulmon aholi ham yordam ko‘rsatgani ma’lum. Masalan, Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi Muqaddas Georgiy ibodatxonasi qurilishiga mahalliy imom va savdogarlar moddiy ko‘mak bergan. Bu holat ushbu dinlar vakillari orasidagi o‘zaro hurmat o‘sha davrlarda ham mustahkam bo‘lganiga dalil bo‘la oladi.

Tarixiy manbalarda O‘zbekistonda diniy va etnik munosabatlar asosida biror marta nizo chiqmagani qayd qilingan. Bunday holatni hozir islom, xristian, yahudiy dinlari va boshqa konfessiyalarning o‘zaro munosabatlari misolida ham ko‘rish mumkin. Bu kabi do‘stona munosabatlar, ya’ni musulmonlar boshqa din vakillarining O‘zbekiston zaminida hamnafas bo‘lib yashashi diniy-ma’naviy totuvlik timsoli va barcha din vakillariga nisbatan bag‘rikenglikning eng yaxshi namunasi, deb aytishimiz mumkin.

Abu Rayhon Beruniy “Hindiston” asarida: “Biron xalqning u yoki bu udumlariga baho berishda bunisi menga yoqadi, unisi yoqmaydi, deyishga hech kimning haqqi yo‘q. Negaki, har bir xalq udumlari, an’analari ming yillar davomida shakllangan va o‘sha millatning hayot tarziga aylangan”, deb yozgan edi.

Buyuk ajdodimizning ushbu so‘zlari insoniyatning bir butunligi va taraqqiyotini belgilab beruvchi omillardan biri — madaniy turli-tumanlikka munosabatning o‘ziga xos shakli bo‘lib, bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikning mohiyatini anglashda muhim ahamiyatga ega.

Hozir yurtimizda turli millat va elat vakillarining diniy urf-odatlari, an’analari va qadriyatlarini saqlab qolish hamda bag‘rikenglik tamoyillarini ta’minlash uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan. Muhimi, bag‘rikenglik xalqimizning azaliy qadriyatiga aylanganini butun jahon e’tirof etmoqda.

 

Ne’matullo MUHAMMEDOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

 Islom tarixi va manbashunosligi — IRCICA kafedrasi mudiri,

 tarix fanlari doktori, dotsent

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi

2021-yil 09-iyun, 116-son 6-bet.

Read 11325 times

Мақолалар

Top