Ўзбекистон янгиликлари

Diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar e’tirofga munosib

Xalqaro hamkorlik

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi nafaqat yurtimiz, balki xalqaro miqyosda ham o‘z nufuziga ega oliy va ilmiy ta’lim muassasasi sifatida tanilib bormoqda. Bunda ilm dargohining ilmiy salohiyati, professor-o‘qituvchilar hamda talabalarga yaratilgan zamonaviy sharoitlar, ilmiy-ijodiy muhitning xalqaro andozalarga muvofiqligi, albatta, muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bois  bugungi kunda Akademiyada 9 nafar taniqli xorijiy professor-o‘qituvchi faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, 31 nafar dunyoning turli davlatlaridan kelgan yosh ilmu toliblar bilim olib, ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.  

Bu o‘rinda yurtimiz yoshlarining ham islom dini va ulug‘ allomalar ilmiy-ma’naviy merosini fundamental jihatdan keng ilmiy o‘rganib, chuqur tadqiqotlar olib borayotgani, albatta, faxrlanarli. Zero, Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans – Milliy uyg‘onishga poydevor qo‘yilishida, tabiiyki, ulug‘ mutafakkirlarimiz ilmiy-ma’naviy merosi, barhayot o‘gitlari ilhom manbai, yangi ilmiy yutuqlarning asosi bo‘lib xizmat qiladi. Bu borada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining dunyodagi nufuzli ilm-fan va ma’naviy-ma’rifiy, bilim hamda tadqiqot markazlari bilan uzviy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yayotgani ahamiyatlidir.

Shu kunlarda ham O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov rahbarligidagi bir guruh olimlarimiz Rossiya Federatsiyasidagi Bolgar islom akademiyasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.  

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi delegatlari bilan Bolgar islom akademiyasi rektori Aynur Timerxanov o‘rtasida samimiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Dastlab uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tomonidan yurtimizda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, amalga oshirilayotgan yangiliklar xususida ma’lumot berildi. Jumladan, birgina O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasidagi ta’lim va ilmiy faoliyatdagi yutuqlar qatorida Akademiya huzurida Imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ish boshlagani va o‘tgan bir yil mobaynida amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar mezbonlarda katta qiziqish uyg‘otgani e’tirof etildi.

Qizg‘in va samimiy ruhda o‘tgan muzakoralarda har ikki Akademiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish yuzasidan ko‘plab kelishuvlarga erishildi. Ayniqsa, islom dini va uning ilm-ma’rifatini keng tadqiq etish bo‘yicha dunyoda o‘z nufuzi va ilmiy salohiyatiga ega har ikki Akademiya professor-o‘qituvchilari hamkorligi va ilmiy rahbarligida magistrlik va doktorlik tadqiqotlarini olib borish, talabalar hamda yosh ilmiy tadqiqotchilar almashinuvini tizimli yo‘lga qo‘yish, o‘z ilmiy nashrlarida yangi ilmiy kashfiyot va tarixiy manbalarga doir maqolalar chop etilishini ta’minlash yuzasidan amaliy vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi delegatlarining hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash doirasidagi xizmat safarlari davom etmoqda.        

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

matbuot xizmati

1811 марта ўқилди

Янгиликлар

Top