Ўзбекистон янгиликлари

Akademiya rektori “Al-Azhar” majmuasiga tashrif buyurdi

 

Xabaringiz bor, ayni paytda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov Misr Arab Respublikasi poytaxti Qohira shahrida xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Tashrif davomida Akademiya rektori Muzaffar Komilovning “Al-Azhar” majmuasi rahbari o‘rinbosari, doktor Muhammad Abdurahmon Muhammad ad-Duvayniy bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda doktor Saloma Dovud, majmua xodimlari hamda O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi. 

Mazkur uchrashuvda Muzaffar Komilov yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohaga berilayotgan e’tibor, islohotlarga to‘xtalib o‘tarkan, O‘zbekiston va Misr tarixan madaniy-ma’rifiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy yo‘nalishlarda hamfikr, do‘stona munosabatda hamkorlik qilib kelganini qayd etdi. Quvonarlisi, bugungi kunda ham O‘zbekiston va Misr aloqalari tom ma’noda rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Samimiy muloqot davomida Akademiya rektori islom dini rivoji yo‘lida beqiyos xizmat qilgan buyuk muhaddis bobolarimizning diniy, ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida Samarqandda – Imom Buxoriy, Surxondaryoda – Imom Termiziy, Toshkentda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib borayotgani haqida so‘z yuritdi. Ayniqsa, Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning boy diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos o‘rin tutishini bildirdi.

Shu bilan birga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida talabalarga yaratilgan sharoitlar, pedagoglarning ilmiy salohiyati haqida ma’lumot berdi. Xalqaro darajadagi zamonaviy, o‘z sohasining yetuk mutaxassislarini tarbiyalash Akademiyaning ustuvor maqsadi ekanligi ta’kidladi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov o‘z so‘zida davom etarkan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda islomshunoslik ta’lim sohasi bilan birgalikda islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi sohasiga ham alohida e’tibor qaratilayotgani, bu yo‘nalishni amaliy o‘rganish borasida “Al-Azhar” majmuasidan malakali mutaxassislarni jalb etish borasidagi takliflarini bildirdi.

O‘z navbatida “Al-Azhar” majmuasi rahbari o‘rinbosari Muhammad Abdurahmon Muhammad ad-Duvayniy uchrashuvdan mamnunligini, ikki muassasa o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, talabalar, yosh ilmiy tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, onlayn seminarlar, konferensiyalar o‘tkazishdan har ikki tomon ham manfaatdor bo‘lishi haqida so‘z yuritdi.

Shuningdek, muloqotda Muhammad Abdurahmon Muhammad ad-Duvayniy janoblari Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abul Muin Nasafiy kabi allomalarning islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shganini e’tirof etdi. “Al-Azhar” majmuasida tahsil olgan har bir talaba Abul Barakot Nasafiyning “Madorik ut-tanzil va haqoiq ut-ta’vil” asarini mutolaa qilgani, O‘zbekiston – buyuk allomalar tug‘ilgan zamin ekanligi, bugungi kunda ham o‘zbek yoshlari ilm olish yo‘lida ajdodlariga munosib avlod bo‘layotganliklarini qayd etdi. 

Muloqot davomida “Al-Azhar” majmuasi ulamolari ishtirokida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, yurtimizdagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari xodimlari uchun onlayn darslar tashkil etish, imom-xatiblarning malaka oshirishini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita yo‘llanmasi asosida talabalarni Misr Arab Respublikasining “Al-Azhar” majmuasi tasarrufidagi ta’lim muassasalariga qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yilganligi alohida qayd etildi.

Ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha Al-Azhar observatoriyasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita o‘rtasida imzolangan memorandumga binoan, pandemiya sharoitiga qaramay, har tomonlama aloqalarni mustahkamlash, ekspertlar bilan doimiy muloqot olib borish kabi masalalariga alohida to‘xtab o‘tildi.

Mazmunli uchrashuv yakunida Muzaffar Komilov “Al-Azhar” majmuasi rahbari o‘rinbosari, janob Muhammad Abdurahmon Muhammad ad-Duvayniy hamda majmua vakillariga yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

1286 марта ўқилди

Янгиликлар

Top