МАҚОЛА

Yoshlar o’rtasidagi jinoyatlarning sababi

Inson yaralibdiki yer yuzida tinch-totuv va farovon yashashga urinadi. O’z uyida xotirjam, emin-erkin yashab, umr kechirishni orzu qiladi. Buning uchun barcha imkoniyatlarini safarbar etadi. Ammo yengil hayot kechirishni, osonlik bilan boylik orttirishni istaganlar ham oramizda kam emas. Albatta, bularning asosiy sababi ota-onalar ish-ish deb yuraverib, farzandlarining tarbiyasiga bee’tibor bo’lib qolmoqda. Natijada yoshlar turli internet saytlari orqali to’g’ri, noto’g’ri narsalarni o’rganib, hayotga tatbiq etishga harakat qilmoqda. Farzandlarimiz Alloh taolo tomonidan bizga berilgan eng ulkan ne’matlardan va omonatlardan biri hisoblanadi, uni qadriga yetib, omonat Egasiga kun kelib go’zal holda topshirishimiz va ular haqida hisob berishimiz muqarrar ekanini anglab yetishimiz kerak.

Hadisi sharifda shunday deyiladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Odam bolasi vafot etsa, uning barcha amali kesiladi. Magar, uch narsadan yaxshilik, savob borishi bardavom bo’ladi:

Sadaqai joriya (yo’l, ko’prik qurish va shu kabi uzoq yillar insonlarga foydasi tegadigan amal);

 U ila manfaat olinadigan ilm (kitoblar yozib qoldirish, shogirdlar chiqarish va shu kabilar);

 Haqqiga duo qiluvchi solih farzand qoldirish (inson vafot etib, ortida Alloh taoloni taniydigan farzand qoldirsa, uning duosi va yaxshi amallaridan ota-onaga savob borib turadi).

Agar har bir inson farzandining dinni to’g’ri anglashiga ko’maklashsa, savobli amallar va gunohga olib boruvchi ishlarning orasini farqlashni, barcha qilingan ishlar uchun dunyoning o’zida ham, oxiratda ham javob berishimiz kerak ekanini chuqur anglatsa, albatta, yoshlar biror jinoyat qilishdan avval uning oqibatini o’ylaydi hamda u ishidan qaytadi.

Zero, ertangi kelajagimiz yoshlarimiz qo’lida, ularning tarbiyasi esa bevosita bizning qaratayotgan e’tiborimiz va berayotgan bilimimizga bog’liqdir.

 

Muhammad Yunus Muhammad Muso o’g’li,

Mir Arab Oliy madrasa xodimi.

 

2548 марта ўқилди
Мавзулар

Мақолалар

Top