МАҚОЛА

Ilm yetkazishda omonatdorlik!

 

عَنْ ابْنِ مَسْعُودٍ عَنِ ﷺ  النَّبِيِّ  قَالَ: نَضَّرَ اللهُ امْرَأً سَمِعَ مِنَّا شَيْئًا فَبَلَّغَهُ كَمَا سَمِعَ فَرُبَّ مُبَلَّغٍ أَوْعَى مِنْ سَامِعٍ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ.

Ibn mas`ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 

«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Bizdan bir narsani eshitib, uni xuddi eshitganidek qilib yetkazgan odamni Alloh yorlaqasin, bas, ba’zi yetkazilgan odam eshituvchidan ko‘ra anglovchiroqdir», dedilar». Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilishgan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlaridan eshitilgan ilmni xuddi eshitgandek qilib boshqalarga yetkazishga targ‘ib qilmoqdalar va ortidan ana shu yetkazish tufayli keladigan foydalardan birini eslatib qo‘ymoqdalar. Eshitganlar qanday eshitsa shunday qilib yetkazib qo‘ysalar, o‘sha yetkazilgan odamlar ichidan o‘sha narsani bevosita eshitgan odamdan ham ko‘ra chuqurroq anglab yetadigan kishilar yetishib chiqishini bashorat qilmoqdalar.

Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan qandoq eshitsalar shundoq rivoyat qilganlar. Rivoyatda biror narsani o‘zgartmaganlar. Agar ba’zi bir izoh uchun aytilgan qo‘shimcha so‘z yoki harakatlar bo‘lsa, ularni alohida aytib, qo‘shimcha ekanini bildirib qo‘yganlar. Ba’zi bir so‘zlarni aniq eshita olmagan bo‘lsalar, uni ham ta’kidlab qo‘yganlar. Bu ruh sahobalardan keyingi tobe’inlar avlodiga ham o‘tgan. Shundoq qilib, bu narsa avloddan-avlodga o‘tib, kitoblarga bitilib bizgacha yetib kelgan. 

Birovdan eshitgan narsani buzmasdan xuddi o‘zidek qilib boshqalarga yetkazish ham juda ahamiyatlidir. Chunki birovdan eshitgan narsani o‘zidek qilib yetkazmaslik omonatga xiyonatdir, yolg‘onchilik va bo‘htondir. Bu ish ko‘plab tushunmovchiliklarga, bahslarga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, shariatga tegishli narsada halolni haromga, haromni halolga, savobni gunohga, gunohni savobga aralashtirib yuborish mumkin.

Shuning uchun ham har bir eshitgan gapni boshqalarga yetkazayotganda o‘ta hushyor bo‘lish kerak. Bir so‘zni ham, hatto ohangni ham buzmasdan naql qilish talab etiladi.

Muhitdinov Alisher 

“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi

541 марта ўқилди

Мақолалар

Top