Мақолалар

“Bilmaslikning shifosi savoldir”

Hozir Internet orqali xohlagan narsamizni bemalol qidirib topib, u haqda ma’lumot olishimiz mumkin. Ha, bu ko’pchilikka juda qo’l keladi. Ammo, buning salbiy tomonlari ham bor. Internet orqali sharqona madaniyatimizga zid, yoshlar odobiga ta’sir ko’rsatuvchi axborotlar tarqatilishi hammaga ma’lum. Bu orqali yoshlarimiz Yevropa madaniyatiga, yurish-turishi, kiyinish uslubiga taqlid qilishi ham hech kimga sir emas. Oqibatda  yoshlarning ma’naviy ongi, fikrlash olamida o’zgarish bo’lishi turgan gap.

To’g’ri, bir qarashda buning zarari yo’qdek. Lekin, milliy qadriyatlarimiz bu orqali sekin-asta yemirilib borayotgani kuzatilmoqda. Masalan, hozirgi paytda qilinayotgan ba’zi to’ylarni oladigan bo’lsak. Kelinlarni kiyadigan ochiq kiyimi, to’ylardagi aksar holatlar, yana kelin va kuyovning qanday qilib topishgani-yu, to’ygacha bo’lgan holatlari haqidagi “Love story” larda ommaviy madaniyat ta’siri aksini ko’rishimiz mumkin.

Yana bir narsaga e’tibor qarataylik: ko’pchilik kiyib yurgan, xorijdan kirib kelayoygan ko’ylak, futbolkalarda chet tilida yozilgan so’zlarni uchratamiz. Ularning aksaridan bu so’zlarning  ma’nosi so’ralsa, bilmasliklari ma’lum bo’ladi. Ular bu bilan qiziqib ham ko’rmaydilar. Kuzatishlar natijasida aksarining ma’nosi bema’ni ekani ma’lum bo’ldi.

Yuqorida keltirilganlarning hammasini  ko’r-ko’rona ergashish, taqlid qilish, deya olamiz, menimcha. Bosniya-Gertsogavinaning marhum prezidenti Ali Izzatbekovich shunday degan ekan: “Islom olami g’arbdan ish, tashkilotchilik va intizom ruhini, ilmiy izlanish va texnik taraqqiyot uslublarini o’rganishi kerak. Lekin g’arb dunyoqarashlari, falsafasi, axloqiy va oilaviy hayot asoslarida bizga o’rnak bo’lolmaydi. Chunki bunday ishlarda g’arbcha hayot tarzi “Hayotimizni qanday yashamasligimiz kerak” ko’rinishida bo’ladi”.

Diqqatimizni qaratadigan yana bir katta muammo mavjud.

Bilamizki, “ekstremizm” so’zi “haddan oshish, chegaradan chiqish” degan ma’noni anglatadi. Payg’ambarimiz alayhissalom hamma narsada o’rta bo’lish haqida doim ta’lim berganlar. Ammo, ekstremistlar aynan  farz, vojib kabi masalalarda emas, balki sunnat yoki  mustahab masalalarda  haddan oshib, ixtilof qilishga urinadilar. Aynan o’sha masaladagi bir holatni ushlab olib, undan boshqasini rad etadilar. “Nima uchun biz Payg’ambarimiz turganlarida, hanafiy yoki molikiylar mazhabiga bo’ysunishimiz kerak. Yana, u kishi biror mazhabga e’tiqod qilmaganlar. Biz o’z rahbarlarimizga itoat qilamiz”,- degan gaplarni aytadilar. Yetarli bilimga ega bo’lmagan kishilar esa ularga ko’r-ko’rona ergashadilar. Shu kabilarga ergashish to’g’ri emas. Chunki ularning gaplari ko’pincha asossiz bo’ladi. Shu o’rinda Rumiy hazratlarining bir gaplarini aytib o’tishimiz maqsadga muvofiq bo’lardi: “O’zing bilmagan, tushunmagan ishga kirishma, qaysi ishga kirishmoqchi bo’lsang, o’zing bilgan aqlli, tajribali kishi bilan kengash, uning maslahatiga quloq sol, so’ngra ish boshla. Shunday qilsang, o’zingni xatolardan saqlaysan”.

Bu ekstremistlar  ixtilof qilgan bir masala, xalos. Ular shu va shu singari bir qancha narsalarda din chegarasidan oshadilar. O’zlarining g’arazli niyatlari yo’lida bunday ishlardan tab tortmaydilar. Eng achinarlisi, o’z manfaatlari yo’lida, hattoki, muqaddas kitobimiz – Qur’oni karimni ma’nolarini noto’g’ri ta’vil qiladilar. Imom G’azzoliy: “Agar bilmaganlar sukut etganida odamlar o’rtasida xilof kam bo’lardi”, deganlar. Doktor Mustafo Siboiy esa quyidagi hikmatli so’zini aytgan ekanlar: “Hamma zamonlarda dinga musibat ikki toifadan kelgan:

  1. Dinni noto’g’ri fahmlaydiganlar.
  2. Dinni o’z manfaatiga bo’ysundirganlar.

Birinchisi mo’minlarni adshtirsa, ikkinchisi muxoliflariga hujjat topib berishadi.”

Din chegarasidan oshib, musulmonlar orasida turli ixtiloflarni kelib chiqishiga sabab bo’layotgan bunday kishilarga ergashib ketmaslik uchun nima qilish kerak? Buning uchun, o’ylashimcha, avvalo ilm bo’lishi kerak. Sababi, ilm orqali turli tushunmovchiliklar, savollarga javob topiladi. Abu Umoma al-Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ikki kishi zikr qilinadi: biri obid, boshqasi olim. Shunda U zot alayhissalom:

 “Olimning obiddan afzalligi xuddi mening sizning eng kichigingizdan afzalligimga o’xshaydi”, dedilar. So’ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

 “Albatta, Alloh, Uning farishtalari, osmonlaru yerning ahli, hattoki, uyasidagi chumoli va baliq ham odamlarga yaxshilikni o’rgatuvchiga salovat aytadilar”, dedilar”.

Bu hadisi sharifda olim va obid tenglashtirilmasligi, ularning orasida odam bolasining eng ulug’i, Alloh payg’ambarlarining eng afzali bilan kichik bir sahobiy orasidagi farqchalik farq borligi ta’kidlanmoqda. Olim bilan obidning farqi shunchalik bo’lsa, olim odam bilan oddiy odamning farqini tasavvur qilib ko’rish kerak. Shuning uchun ham ana o’shanday fazlga ega bo’lishni xohlagan inson diniy ilmlarni o’rganishga kirishmog’i kerak ekan. Aynan manashu hadis insonlarni ilmga targ’ib qilib, unga bo’lgan ishtiyoqini yanada oshiradi.

Hasan Basriy rahimahulloh esa: “Olimlar bo’lmaganda odamlar hayvonlardek bo’lib qolardi”, degan ekanlar.

Yoki bo’lmasa, bilmagan narsasini yuqoridagi kabi yaxshi biladigan, olim kishilardan so’ramoq lozim. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Agar bilmasangiz, zikr ahlidan so’rang(Nahl surasi, 43-oyat). Ushbu oyati karimada Alloh taolo bandalarini bilmagan narsalariga ergashmasliklariga, agar bilmasalar, zikr ahlidan so’rashlariga chaqirmoqda. Yana, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bilmaslikning shifosi savoldir”, deb aytganlar (Abu Dovud rivoyati). Demak, Payg’ambarimiz alayhissalom hadislarida bilmaslikning davosi- savol ekanini ta’kidlab o’tibdilar.

Dinda haddan oshuvchi kimsalarga ergashib ketmaslik lozim. Ularning shu singari safsatalariga raddiya sifatida qancha olimlarimiz asarlar bitganlar. Demak, ekstremist, mazhabsiz kishilarning asossiz so’zlariga ergashib taqlid qilmaslik uchun yetarlicha manba’lar mavjud ekan. Shunday be’mani ergashish hamda taqlidlarning oldini olish uchun atrofdagilarga va yaqinlarimizga, vaqti kelsa, o’zimiz uchun ham shunday manbalardan foydalanishni maslahat berish maqsadga muvofiqdir. Menimcha, shu orqali ham bu bema’niliklarni oldini ancha olingan bo’lar, jamiyatimizda ozgina bo’lsada uquvsiz taqlid qiluvchilarni soni kamaygan bo’lar edi, vallohu a’lam.

Xosiyatbonu ERKINZODA,

Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta maxsus islom bilim yurti talabasi

 

 

 

 

 

 

 

                                                

6408 марта ўқилди

Мақолалар

Top