Мақолалар

In’om va istidroj o‘rtasidagi nozik farq

Quyidagi voqeani o‘qiyotganimda ichim muzdek terga botdi. Muhammad Ilyosning: “Bu istidroj emasmikan deb qo‘rqaman”, degan so‘zlarini o‘qiganimda menda ham shu savol tug‘ildi. Chunki biz Allohning fazli bilan tolibi ilm bo‘ldik. Agarchi o‘zimizni “Loyiq emasmiz”, deb o‘ylasak ham, bu tolibi ilmlik maqomi ulug‘ bir mas’uliyatli maqom.

Bu o‘qishga kirishdan oldin o‘zimizga: “O‘qishga kirsam uxlamasdan dars qilaman, bekorchi vaqtim bo‘lmaydi” deb ko‘plab va’dalar berdik. Lekin biz bu va’dalarni baja olmayotgan bo‘lsak ham Allohning rizqi va fazli bizga ziyoda bo’ldiki, aslo kamaymadi. Shunga mening ham hayolimdan bu istidroj emasmikan deb qo‘rqqandim. Muhammad Shafi’ rohimahullohning javoblaridan so‘ng ko‘nglim ancha yorishdi.

Mazkur voqea “In’om al-Boriy”da keltirilgan. Hindistonda Muhammad Ilyos degan bir olim o‘tgan ekan. U kishi umrining oxirida juda qattiq kasallikka yo‘liqibdi. Tabiblar hatto uning oldiga odamlar kirishini ta‘qiqlab qo‘yibdi.

Ayni shu paytlarda Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning otalari Muhammad Shafi’ Usmoniy rohimahulloh Muhammad Ilyosning ziyoratiga borgan ekanlar. U kishi bemor olim bilan uchrashishga ruxsat bo‘lmagach, ortiga qaytibdi.

Muhammad Ilyosga ziyorat uchun Muhammad Shafi’ rohimahulloh kelgani, biroq oldiga kirgazishmagach, qaytib ketgani haqida xabar berishadi. Shunda bemor olim darhol Muhammad Shafi’ rohimahullohni ortiga qaytarib olib kelishlarini aytadi.

Ikkalasi uchrashganda Muhammad Ilyos yig‘lay boshlaydi. Muhammad Shafi’ rohimahulloh undan yig‘isi sababini so‘raganida: “Buning ikki sababi bor: avvalo, da’vat jamoasining ishi Alloh taoloning fazli va karami ila boshlandi. U shunchalik tez yoyilib ketdiki, boshqa ishlar bunchalik taraqqiy etmagan. Men bu ishning bunchalar tez tarqalib, taraqqiy etib ketishi istidroj emasmikan deb qo‘rqaman”, dedi. Shunda Muhammad Shafi’ rohimahulloh u kishiga tasalli berib: “Men ishonch bilan ayta olamanki, bu ish istidroj emas”, dedi.

Muhammad Ilyos esa: “Bu gapga qanaqa dalilingiz bor? Nimaga asoslanib buning istidroj emasligini aytyapsiz?”, dedi. Muhammad Shafi’ rohimahulloh savolga javoban: “Agar biror kimsaga qaysidir ish istidroj qilib berilgan bo‘lsa, buning shunday ekani uning xayoliga ham kelmaydi. Sizning qalbingizda bunday shubha bor ekan, demak, bu ish istidroj emas”, dedi. Muhammad Ilyos rohimahulloh: “Yig‘imning ikkinchi sababi bu ish bilan shug‘ullanadigan kishilar olimlardan ko‘ra, oddiy xalq orasida ko‘payib ketdi. Kunlar kelib, avom xalq olimlardan g‘olib kelib, ularni noto‘g‘ri yo‘lga boshlab qo‘yishidan qo‘rqaman”, dedi.

Alloh taolo tolibi sodiqlardan bo‘lishimizni nasib qilsin. Bizning gunohlarimiz sabab boshqa musulmonlar azob chekmasin.

Istidroj haqida

Muhriddin ABBOSXONOV,
Toshkent islom instituti 3-bosqich talabasi

1173 марта ўқилди

Мақолалар

Top