Мақолалар

Sohibqiron Amir Temur va oʻrta asr tarixchisi Ibn Xaldun munosabatlari

 

9-APREL – AMIR TEMUR TAVALLUD TOPGAN KUN

Oʻrta asr Misr tarixchilarining asarlarida Amir Temurga tegishli maʼlumotlarni koʻplab uchratish mumkin. Ibn Xaldun Amir Temur bilan 1401-yilning yanvar-fevral oylarida Damashq shahri va uning boʻsagʻalarida bir necha bor uchrashgan. 

Damashq shahrining qamali bilan band boʻlgan Amir Temur Ibn Xaldun haqida qiziqib, “Misr askarlari bilan joʻnab ketdimi yoki shaharda qoldimi?”, deb surishtiradi. Demak, Amir Temur Ibn Xaldun toʻgʻrisida uchrashmasdan oldin ham baʼzi maʼlumotlar ega boʻlgan. 

Tarixchi bu haqda eshitgach, uning oldida ikki yoʻl bor edi: yo Misr sultoni Nosir Faraj va baʼzi amirlarga oʻxshab Qohiraga yashirin tarzda qochish yoki Sohibqiron qarorgohiga borish. U oʻylab koʻrgach, ikkinchi yoʻlni, yaʼni hayoti xavf ostida boʻlishiga qaramay, 69 yoshni qoralagan mutafakkir qamaldagi shahar devoridan arqonda osilib tushib, Amir Temur bilan uchrashishdan Ibn Xaldunning oʻz iborasi bilan aytganda: “oʻzga chorasi yoʻq edi”. Negaki, u erta-indan batamom himoyasiz qoldirilgan shahar aholisining holi ne kechajagini yaxshi tasavvur qilardi.  Shu bois u Amir Temurdan shahar aholisiga omonlik tilab olishga qaror qildi va ushbu olijanob maqsadiga erishdi ham.

Birinchi muloqotdayoq Amir Temur va Ibn Xaldun oʻrtalarida iliqlik paydo boʻldi. Shundan soʻng Ibn Xaldun va Amir Temur 35 kun mobaynida suhbat qurishgan.

Tarixdan maʼlumki, 1250-1517-yillarda Misrda mamluk sultonlari hukmronlik qilishgan. Mamluk sultoni Beybars 1258-yilda Bagʻdodda moʻgʻullar istilosi natijasida zavol topgan Abbosiy xalifaligini 1261-yilda Qohiraga koʻchirgan. Abbosiy xalifalar Misrni “xalifalik yeri” kabi ulugʻlab, mamluklarga ularni mamlakatni boshqarishlari, legitimlashtirishgan, chunki mamluk sultonlari qullardan chiqqan edi. Misr sultonlarini boshqa xalifalar borligi shu qatorda qoʻshni musulmon davlat hukmdorlari tomonidan quraysh qabilasidan xalifa titulini qabul qilgani xavotirga solmagan. 

Madina masjidida butun dunyo ziyoratchilari koʻz oldida Usmoniy sulton Boyazid II (1481-1512) sharafiga “mavlona amir al-muʻminiyn as-sulton al-malik al-muzaffar” (bizning olampanohimiz, sulton-muzaffar podshoh, moʻminlarning amiri, yaʼni xalifasi) nomi bilan sharaflab yozuv yozib qoʻyilgandi. Bunga qarshi mamluklar oʻzlarining “islom sultoni” va “xodim al-haramayn” titullarini asragan. Bu masalada mamluklar hattoki, qurolli nizolar chiqarishdan ham toyishmasdi. Koʻpgina musulmon hukmdorlar XIV-XV asrlarda mamluklarning rahbarlik va muqaddas shahar homiysi ekanliklariga qarshi chiqishgan. Shu sabab bois Makkaga kaʼbapoʻshni yuborish bilan bogʻliq qator kelishmovchiliklar yuzaga keldiki, buning asosida musulmon dunyosidagi boshliqlikka boʻlgan kurash yotardi. Amir Temur, Shohrux va qator turkman sulolasidan Oq quyunli va Qora quyunli Misrning diniy boshchiligini tan olishmagan.

1429-,1435-1436-yillar va 1443-yilda Shohrux, muqaddas shaharlar homiysi sifatida oʻz daʼvolarini eʼlon qildi. Har bir bunday daʼvo urushni keltirib chiqargan. Oq quyunli sulolasidan Eron hukmdori Uzun Hasan 1472-yilda mamluklarga qarshi yurish qildi. V.Bartold o‘z asarida shunday yozadi: “Biroq Misr sultonlarining yutuqli tomoni shunda ediki, muqaddas shaharlarning homiysi sifatida uzoq vaqt davomida na Temur “xalifaligi”, Shohrux va uning qarindoshlari, na qora qoʻy turkmanlari, na ularning oʻrnini egallagan oq qoʻy (XV asrning ikkinchi yarmi) turkman sulolasi tomonidan ular kabi obroʻga ega boʻlmagan”

Ushbu oʻrinda V.Bartoldning Amir Temur hukmronlik qilgan joyni xalifalik deb atashiga fikr bildirish lozim deb topildi. Chunki Abbosiy xalifalar sulolasi masalasida Amir Temur chinakam daho ekanini koʻrsatdi. Ibn Xaldunning yozishicha, Damashq shahri ichidagi qalʼa taslim boʻlgach, bir kishi Amir Temur huzuriga kelib, oʻzini Bagʻdodda oʻtgan Abbosiy xalifalarning naslidan, deb tanishtirdi va Sohibqirondan haqiqiy merosxoʻr sifatida xalifa mansabiga tayinlashni talab qiladi. Faraz qilaylik, agar Amir Temur uni oʻzi bilan Samarqandga olib ketib, Abbosiy xalifalarning davomchisi, deb eʼlon qilganda “Samarqand xalifaligi” to XX asrgacha yetib kelishi muqarrar edi. Ammo Amir Temur bunday soxta obroʻni, toʻgʻrirogʻi, tarix oldida kulgi boʻlishni oʻziga ep koʻrmagan va juda oqilona chora qoʻlladi: faqih va qozilarni, jumladan, Ibn Xaldunni chaqirtirib, mazkur shaxs boʻyicha muhokama uyushtirdi. Uning fikrlari bilan qiziqdi. Olimlarning fikrlarini adolat tarozisiga solgach, daʼvogarga shunday dedi: “Fatvo ahli va qozilarning gaplarini oʻzing eshitding. Ravshan boʻldiki, mendin xalifalikni talab qilmoqqa senda hech qanday haq yoʻq erkan”. Bu holat Amir Temurning naqadar oqil inson boʻlganligini koʻrsatadi. 

Ibn Xaldun Misrga qaytgach, oʻzining eski homiysi – Magʻrib hokimiga maktub yoʻllab, Amir Temur bilan muloqotlari haqida yozadi. Olim bu paytda Sohibqiron Samarqandga qaytib ketganidan xabardor, demak, Amir Temur toʻgʻrisida qoʻrqmasdan erkin fikr bildirishi, hatto qoralashi ham mumkin edi. Ammo Ibn Xaldun maktubni quyidagi soʻzlar bilan tugallaydi: “Ana shu malik (podshoh) Amir Temur podshohlarning sardori va eng buyugidir. Baʼzi odamlar ani ilm bilan bogʻlaydilar, oʻzgalar…anda qandaydir sehr bor, deydilar. Bularning barisi aning haqiqiy taʼrifi oldida hech narsa emas. Aslida ul odamni oʻziga gʻoyat maftun etadigʻon va oʻta zakovatli, yoshi 60-70 orasidagi...zot”.

Misr mamluk sultonlari 1405-yilda Amir Temurning vafoti tufayli bu mamlakatni bosib olish xavfidan qutiladilar.

Sohibqiron bilan Ibn Xaldun olib borgan fikr almashuvlari Amir Temurning nafaqat buyuk sarkarda va davlat arbobi, balki zamonasining bilimdon kishisi boʻlganini tasdiqlaydi.

              Ahadjon Hasanov

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, tarix fanlari doktori

Zuhra Aripova

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti, tarix fanlari doktori (DSc)

1072 марта ўқилди

Мақолалар

Top