Ўзбекистон янгиликлари

Yangi o‘quv yili boshlandi

Talabalik inson hayotining oltin davri hisoblanadi. Ayni paytda yurtimiz ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlandi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” deb nomlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Akademiya rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohimjon Inomov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Bobomurod Rustamov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, talabalar, ota-onalar, Akademik litseyning o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi. 

Marosim O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi bilan boshlandi. Madhiya sadolaridan so‘ng Akademiya rektori Muzaffar Komilov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi hamda 2022/2023-o‘quv yili bilan tabrikladi.  
– Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlangan tadbirdagi nutqlarida ta’lim sohasida farzandlarimiz zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashlari uchun eng qulay sharoitlar yaratishni izchil davom ettirishga ustuvor ahamiyat qaratilishini ta’kidladilar, – deydi Muzaffar Komilov. – Darhaqiqat, so‘nggi yillarda mamlakatimiz ta’lim sohasini tubdan isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yoshlarimizni oliy ta’limga qamrovini oshirib borish, zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida izchil siyosat olib borilmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham qabul kvotalari yil sayin oshmoqda. Ayniqsa, 2022/2023-o‘quv yilidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bir necha yangi yo‘nalishlar bo‘yicha ixtisoslik kadrlar tayyorlanishi boshlanayotgani e’tiborga sazovordir.

Darhaqiqat, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizdagi eng nufuzli va sharafli o‘quv muassasasi hisoblanadi. Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida jamiyat rivojiga hissasini qo‘shadigan, o‘z sohasining malakali mutaxassislarini kamolga yetkazish ustuvor vazifa sanaladi. Xususan, joriy yilgi o‘quv yilida barcha ta’lim yo‘nalishlari uchun 859 nafar yigit-qiz talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. 

Tadbir davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohimjon Inomov hamda  Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Bobomurod Rustamov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni qo‘shaloq bayram bilan muborakbod etishdi.

Shuningdek, marosimda talabalarning ota-onalari so‘z oldi. Akademiyaga yuqori ball to‘plab, o‘qishga qabul qilingan 1-bosqich talabalari Abdufattoh Hakimov hamda Odinaxon Qodirova o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

– Avvalo, barchangizni mustaqilligimizning 31 yilligi hamda yangi o‘quv yili bilan tabriklayman, – deydi “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti 1-bosqich talabasi Abdufattoh Hakimov. – Talabalar safidan o‘rin olgan barcha tengdoshlarimga omad tilayman. Akademiyada ustozlarimizdan saboq olib, yurtimiz va xalqimiz rivojiga xizmat qiladigan inson bo‘lishga va’da beraman. 

Tantanali marosim auditoriyalardagi “Mustaqillik darsi” bilan davom etdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

1057 марта ўқилди

Янгиликлар

Top