Мақолалар

MEHR-MURUVVAT, HAMJIHATLIK OLIY FAZILATDIR
Mamlakatimizda dorilamon kunlarga shukronalar aytish, ehtiyojmandlarga yordam berish, keksalarni eʼzozlash, bemorlar holidan xabar olish, mehr-muruvvat koʼrsatish ezgu an-analarimizning asl ildiziga borib taqaladi.
Yaxshilik, xayr-saxovat, mehr-oqibat, silai-rahm kabi ulugʼ fazilatlar doimo insonga ziynat boʼlib kelgan. Bunday olijanob xislatlarni oʼzida mujassam eta olgan insongina el-yurtning ogʼirini yengil qila oladigan fazilatli shaxs hisoblanadi. Binobarin, inson ezgulik yoʼlida saʼy-harakat qilsa, umriga, rizqiga baraka kiradi, hayoti osuda va qalbi xotirjam boʼladi.
Xuddi shunday fazilatlar xalqimizning azaliy qadriyatiga aylanib, ota-bobolarimiz hayotida oʼz aksini topgan. Mazkur umuminsoniy qadriyatlar muqaddas Islom dinining asosiy manbalari – Qurʼoni Karim va hadislarda koʼp bora taʼkidlangan. Xususan, Аlloh taolo Qurʼoni Karimda shunday marhamat qiladi: “Ehson-yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir”. (Rohman surasi, 60-oyat).
Ushbu oyatda Аlloh taolo oʼzgalarga yaxshilik qiluvchilarga dunyo va oxiratda ulkan mukofotlar borligini maʼlum qildi.
Аlbatta hamjihatlik, oʼzaro mehr-muruvvat, bir-birini qoʼllab quvvatlash, yordam qoʼlini choʼzish eng oliy fazilatdir. 
Shu kunlarda hukumatimiz tomonidan olib borilayotagan ezgu islohotlar, ijtimoiy koʼmakka muxtoj boʼlganlarga eʼtibor, xayr saxovat va inson koʼnglini koʼtarish xalqimizni mamnun etib kelmoqda desak mubolagʼa qilmagan boʼlamiz. Аlbatta bunday kunlarning shukronasini etmoqlik fazilatli burchimizdir.
Zero Аlloh taolo Qurʼoni Karimda marhamat qilib deydi: “Qasamki, agar (bergan neʼmatlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman”. (Ibrohim surasi, 7- oyat). 
Yaratgan barchamizni xayr-saxovatli, mehr-muruvvatli, neʼmatlarining shukronasini ado etguvchilar qatorida boʼlishlikka musharraf aylasin!
 
 
Buxoro viloyat bosh imom-xatibi
Jobir Elov
4257 марта ўқилди

Мақолалар

Top