Мақолалар

Asriy an’analarni davom ettirish yo‘lida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida soʻzlagan nutqida mamlakatimiz, mintaqamiz va butun dunyo miqyosidagi dolzarb muammolarni, tezkor yechimini kutayotgan masalalarni tilga olar ekan, diniy bagʻrikenglik masalasiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Mamlakatimiz rahbari jahon miqyosida dinlararo bagʻrikenglik va hamjihatlik gʻoyalarini keng targʻib etish maqsadida Oʻzbekistonda UNESСO shafeligida Dinlararo muloqot va bagʻrikenglik xalqaro markazini tashkil etish taklifini ilgari surdi.

Bu hozirgi vaqtda eng faol tarzda muhokama qilib kelinayotgan mavzulardan biri. Insoniyatning yarmidan ziyodi oʻzini qaysidir dinga mansub hisoblaydigan hozirgi sharoitda bu tabiiydir. Zero, jamiyatlarning, davlatlararo munosabatlarning barqarorligi koʻp jihatdan shu masalaga borib taqaladi.

Diniy bagʻrikenglikni taʼminlash uchun, avvalo, mamlakat, mintaqa va umuman, jahon jamoatchiligida boshqa insonlar oʻzga dinga eʼtiqod qilishi mumkinligini, mahalliy xalqlar anʼanalariga oʻxshash boʻlmagan qadriyatlarga duch kelishning yomon joyi yoʻqligini anglab, insoniyat oʻta rang-­barangligiga, odamlar turfa xilligiga koʻnikib yashashga qaratilgan muayyan dunyoqarash, oʻziga xos ijtimoiy va axloqiy meʼyorlarni joriy etish, omma ongiga singdirish zarur boʻladi.

Dunyoda keng tarqalgan dinlarni koʻpchilik yaxshi biladi. Lekin hammasini biladiganlar kam. Agar konfessiyalarni, yaʼni har bir dindagi turli mazhab va yoʻnalishlarni ham qoʻshib aytadigan boʻlsak, ularning umumiy miqdori 20 mingdan oshadi. Shu bois, diniy bagʻrikenglikni har bir individning – alohida olingan shaxsning xatti­-harakatlari kabi qabul qilish maqsadga muvofiqdir. Boshqacha aytganda, yomgʻir yoqqanda hamma ham yomgʻirpoʻsh tutmaydi, shamsiyadan foydalanmaydi, bunday toifalarga koʻp eʼtibor berilmaydi. Bu oʻsha shaxsning oʻz xohishi yoki sharoitdan kelib chiqib, tutgan yoʻrigʻidir. Konfessiya borasida ham shunday – kimdir boshqa narsaga eʼtiqod qilyaptimi, demak, oʻz tanlovi, oʻz ixtiyoriga koʻra qilayotgan boʻladi va buning uchun uni ayblash, kamsitish kerak emas.

Mana shu meʼyorga hayotda hamma rioya qilsa, diniy bagʻrikenglik jamiyatning yana bir oliy qadriyatiga aylanadi va ijtimoiy barqarorlikka rahna yetishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Zotan, fuqarolik jamiyati mana shunday bagʻrikenglik bilan qaror toptiriladi – uning aʼzolari oʻzi ixtiyor etgan dinga eʼtiqod qiladi, qaysi konfessiyaga mansub boʻlishidan qatʼi nazar, bexavotir yashaydi.

Endi shu fikrlardan kelib chiqib, bugungi Oʻzbekistonga nazar tashlaydigan boʻlsak, avvalo, shuni aytish kerakki, bu zaminda asrlar davomida koʻplab dinlar vakillari tinch­osuda istiqomat qilib kelmoqda. Bir necha yillar oldin oʻsha kezlari AQSH Davlat kotibi boʻlgan Jon Kerrining Samarqand taassuroti haqida aytgan mana bu soʻzlarini hamma yaxshi eslaydi: “Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti 70 yil avval Nyu-Yorkda tashkil topgan, deb oʻylaymiz. Yoʻq, aslida, u bundan bir necha yuz yil oldin Samarqandda mavjud boʻlgan. Samarqand – madaniyat, sanʼat, savdo va gʻoyalar chorrahasi boʻlib, bu yerda turkiylar, arablar, musulmonlar, yahudiylar, yunonlar, armanlar, nasroniylar, katoliklar, nestorianlar va boshqalar istiqomat qilgan”.

Oʻzbek xalqi asrlar davomida islom diniga eʼtiqod qilib keladi. Ayni paytda Oʻzbekiston zaminida yashovchi slavyanlarning ota­bobolari ming yil oldin, balki undan ham avval nasroniylikni qabul qilgan. Buddizm esa uzoq Kushonlar davrida keng yoyilgan edi. Barcha dinlar bir xil fazilatlarni – tinchlikparvarlik, bunyodkorlik, mehr­oqibat, mehnatsevarlik, halollik va poklik, kattaga hurmat, kichikka izzat va boshqa goʻzal xulq­-atvor namunalarini targʻib qiladi va tarannum etadi. Shular qatorida diniy bagʻrikenglikni ham.

Oʻzbekistonda bugungi avlod oʻz ajdodlarining ana shu asriy anʼanasini munosib tarzda davom ettirmoqda. Boshqacha boʻlishi mumkin ham emas. 

Abu Mansur Moturidiyga murojaat qilamiz: “Cherkov va sinagogalarni barbod qilish taqiqlanadi, ulamolar bu borada hamfikrdir, shu vajdan musulmon oʻlkalarida ularga ziyon-zaxa yetmaydi”. Abu Lays Samarqandiy bunday deydi: “Alloh musulmonlarga dini tufayli ular bilan urush qilmagan va diyoridan quvmagan qavmlarga nisbatan yaxshi va odilona muomalada boʻlishni man etmaydi”. Burhoniddin Margʻinoniy bu fikrni yana ham sal boshqacha ifoda etadi: “Musulmon oʻlkalarida cherkov va ibodatxonalar buzilgan boʻlsa, ularni tiklashga izn beriladi”. Maxdumi Aʼzam esa, diniy asosda kelib chiqishi mumkin boʻlgan har qanday ziddiyat va nizoning ildizini quyidagi fikr bilan butkul yulib tashlaydi: “Dunyoda har xil dinga eʼtiqod qiladigan, turli millatga mansub insonlar yashaydi. Kimni mukofotlash, kimni jazolashni Allohning Oʻzi biladi. Shuning uchun boshqa odamlarning urf-odatlari, anʼanalari, eʼtiqodiga bardoshli boʻling”.

Mana shu oʻgitlar asosida yashab kelgan xalqimiz bugungi sharoitda ham bagʻrikenglik anʼanalariga sodiqlikni saqlab turibdi. Yurtimizda 16 diniy konfessiyaga mansub 2274 diniy tashkilot faoliyat koʻrsatayotgani bu fikrning yorqin dalilidir. Bu zaminda 130 dan ziyod millat va elat vakillari baqamti yashab kelyapti. Hammasining eʼtiqodi har xil. Masjid va madrasalar, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy­-tadqiqot markazlari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan bir qatorda, pravoslav va protestantlik seminariyalari, 165 ta nasroniy tashkilot, 8 yahudiylik, 6 bahoiylik, bitta krishnaitlik jamoasi, bir buddaviylik ibodatxonasi faoliyat koʻrsatmoqda. Ular oʻrtasida turli darajada aloqalar qaror toptirilgan, peshvolar diniy bayramlarda bir­birini tabriklashi goʻzal anʼanaga aylangan. 

Oʻzbekiston dunyoda diniy ekstremizm, terrorizm va millatchilik tufayli kelib chiqayotgan nizo va ziddiyatlarni hisobga olgan holda, jamiyatda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik gʻoyalarini qaror toptirish va mustahkamlash yoʻlidan bormoqda. Bu tinch va osuda hayotni taʼminlashga, dini va millatidan qatʼi nazar, har bir fuqaroning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga xizmat qilmoqda. Aslida, taraqqiyotning asosi ham jamiyatning osoyishidir. Bunga esa, birinchi navbatda, bagʻrikenglik orqali erishiladi.

Yurtimizda bu sohada olib borilayotgan islohotlar dunyo miqyosida munosib eʼtirof etilib, diniy bagʻrikenglikning namunali modeli sifatida baholanayotgani Oʻzbekistonda UNESСO shafeligida dinlararo muloqot va bagʻrikenglik xalqaro markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklif har tomonlama haqli va asosli ekanini koʻrsatadi, albatta. Qolaversa, shuni ham esga olish kerakki, BMT Bosh Assambleyasining 2017­-yil 19-sentabrdagi yalpi majlisida Prezidentimiz tomonidan taklif etilgan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasi bir ovozdan qabul qilingan edi. Yaʼni yurtimizni dunyo davlatlariga oʻziga xos goʻzal oʻrnak va ibrat qilib koʻrsatgan bu hujjat shunday nufuzli tuzilma qarorgohiga mezbonlik qilishga eng haqli mamlakat birinchi oʻrinda Oʻzbekiston ekanini ham namoyon qiladi.

BMT Bosh Assambleyasining bu galgi sessiyasida Shavkat Mirziyoyev buyuk olimlarning boy merosini oʻrganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024­-yili Oʻzbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusini ilgari surdi.

Mohiyatan olib qaraganda, bu dastlabki taklifning mantiqiy davomidir. 

Bu xususda soʻz borar ekan, avvalo, keyingi yillarda Oʻzbekistonda vijdon erkinligini mustahkamlash, konfessiyalararo bagʻrikenglikni yanada barqarorlashtirish yoʻlidagi ishlar bilan bir qatorda, dinni oʻrganish borasida ham katta oʻzgarishlar kuzatilayotganini taʼkidlash kerak. Ayniqsa, islom ilmlari rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan ulugʻ ajdodlarimiz merosini ona tilimizga tarjima qilish, oʻrganish va keng targʻib etish yoʻnalishiga eʼtibor nihoyatda kuchli boʻlyapti.

Bizga gʻurur bagʻishlaydigan jihat shuki, bobokalonlarimizning ham dunyoviy, ham diniy ilmlar ravnaqi yoʻlidagi buyuk xizmatlarini jahon ilmiy hamjamiyati hamisha keng eʼtirof etib kelgan. Xorazmiy, Farobiy, Zamaxshariy, Beruniy, Ibn Sino, Fargʻoniy, Ulugʻbek kabi allomalar amalga oshirgan kashfiyotlarning inʼikosini bugun ham yaqqol koʻrish mumkin. Ayni paytda har bir musulmon jamiyatida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Burhoniddin Margʻinoniy singari ulugʻlarimizning mehnati samarasidan foydalanilmoqda.

Masalan, Xorazmiyni eslaganda, algoritm yodga keladi. Aniqrogʻi, “algoritm” soʻzini tilga olgan kishi Xorazmiyni yodga keltirgan boʻladi. Yoki Mirzo Ulugʻbekni xotirlasak, zamonaviy astronomiya beshak uni oʻz “ota”laridan deb bilishini koʻramiz.

Diniy sohani oladigan boʻlsak, bugun turli buzgʻunchi guruhlarga aynan bizning bir necha asrlar avval yashab oʻtgan Moturidiy bobomiz ijodi bilan munosib tarzda ilmiy raddiya beriladi. Yoki islomda Qurʼondan keyin turadigan eng moʻtabar manba haqida soʻralsa, har qanday hurfikr musulmon “Sahihul Buxoriy” asarini tilga oladi.

Yuqorida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-­tadqiqot markazlari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilgani taʼkidlandi. Ularning barchasi muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatmoqda. Shu tariqa xalqimiz ilmiy dahosining yuksalishida islomning oʻrni har tomonlama ochib berila boshlandi. Chunki barcha allomalarimiz Qurʼoni karimni toʻgʻri tushunib, ilhomlangani, hadislar asosida kamolotning oliy choʻqqisiga koʻtarilgani inkor etib boʻlmas haqiqatdir.

Jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishni shior qilib olgan Oʻzbekiston vakum holidagi onglarni zararli emas, foydali axborot bilan toʻldirish, islomni niqob qilib olgan toʻdalar “mafkurasi”ga qarshi mustahkam immunitet yaratish, ayniqsa, yoshlarni sogʻlom fikrlaydigan qilib tarbiyalash kabi ezgu maqsadlarni bosh vazifa etib belgilagan. Buni xalqaro miqyosga olib chiqish yana ham xayrli boʻladi. “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiya xalqimizning ana shunday intilishlariga hamohang anjumandir.

Koʻplab mamlakatlarda islom sivilizatsiyasi uchun muhim ilmiy ahamiyatga ega boʻlgan, lekin hali-­hanuz chuqur oʻrganilmagan, jahon tillariga tarjima qilinmagan qoʻlyozma va toshbosma asarlar bisyor. Ularning nusxalari yo elektron nusxalarini toʻplash, tarqatish, targʻib qilish, kelajak avlodga yetkazish yakka holda amalga oshiriladigan ish emas. Yuqori maqomdagi mazkur konferensiya buning uchun xalqaro miqyosdagi mustahkam platformaga poydevor boʻlishi shubhasiz.

Shovosil ZIYODOV, 

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 22-sentabr, 194-son

1132 марта ўқилди

Мақолалар

Top